Turkiya Germaniya bilan doner masalasidagi bahsdan voz kechdi

Olam

image

Turkiya Germaniya bilan “doner-kabob an’anaviy taom” masalasidagi bahsdan voz kechdi. Bu haqda “Tagesschau” xabar berdi.  

“Donerni kafolatlangan an’anaviy taom sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish arizasi 2025 yil 23 sentyabr kuni qaytarib olindi. Bu avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining to‘xtatilishini anglatadi”, deya tasdiqlagan Yevrokomissiya.

Turkiya 2022 yilda Yevrokomissiyadan doner-kabobga “an’anaviyligi kafolatlangan mahsulot” maqomini berishni so‘ragan. Agar bu ariza ma’qullanganida, kabob tayyorlash qoidalari qat’iy belgilab qo‘yilardi. Bunday holda mol go‘shtidan tayyorlangan kabob hamda sabzavotdan tayyorlangan varianti taqiqlanishi mumkin edi. Bundan tashqari, Turkiya marinad tarkibi, go‘sht bo‘laklarining qalinligi va marinad qilish vaqtini ham reglamentlashni rejalashtirgandi.

Turkiyaning arizasiga Germaniya hukumati e’tiroz bildirgan. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, buning ortidan Germaniyadagi doner-kabob sotuvchi tamaddixonalarning 80-90 foizi o‘z mahsulotini “doner-kabob” deb atash huquqidan mahrum bo‘lar edi.

Yevrokomissiya 2024 yilning sentyabrida ikki davlatga nizoni hal qilish uchun olti oy muddat bergan. Maslahatlashuvlar 20 mart kuni yakunlangan, shundan keyin komissiya masalani ko‘rib chiqqan. “Bild” ma’lumotiga ko‘ra, komissiya Turkiya arizasini rad etishga tayyorgarlik ko‘rgan.

Germaniya hukumati Turkiyaning arizani qaytarib olishini olqishlagan. Germaniya Qishloq xo‘jaligi vazirligi “boshqa har qanday qaror ishlab chiqaruvchilar, restoranlar va iste’molchilar uchun salbiy oqibatlarga olib kelgan bo‘lardi”, deya bayonot bergan.

Qayd etish joiz, doner-kabob Turkiyaning milliy taomi hisoblanadi. U XIX asrning o‘rtalarida Anqaraga yaqin hududlarda, keyinroq Istanbulda paydo bo‘lgan. Dastlab qo‘y go‘shtidan tayyorlangan, likopchada guruch yoki sabzavot bilan tortilgan. Keyinchalik turk muhojirlari uni Germaniya va boshqa davlatlarga olib kirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Turkiya doner-kabob

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing