Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyani laqillatyaptimi? NATO eshiklari qachon ochiladi?

Olam

image

Finlyandiya va Shvetsiya NATOga kirish uchun Turkiyaning barcha shartlarini hali bajarmagan. Bu haqda kecha, 3 noyabr Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Biz ba’zi ijobiy qadamlarni, xususan, qurol embargosining bekor qilinishini va qonunchilikdagi o‘zgarishlarni ko‘rmoqdamiz. Lekin bu barcha shartlarning bajarilishi emas”, deya Chavusho‘g‘lining so‘zlaridan iqtibos keltiradi “Haberturk” gazetasi. 

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Shvetsiya va Finlyandiya 28 iyun kuni imzolangan xavfsizlik memorandumining barcha talablarini bajarishi zarurligini, bunda turk tomonining xavotirlari inobatga olinganini ta’kidladi. 

U muzokaralarning ijobiy natijasiga umid bildirdi va NATO nomzodlariga barqaror qadamlar zarurligini eslatdi. 

Avvalroq NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Shvetsiya va Finlyandiyani Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish jarayoni yakunlanishi kerakligi, chunki bu ikki davlat Turkiya tomonidan ilgari qo‘yilgan va NATOga qabul qilish uchun zarur bo‘lgan shartlarni bajarib bo‘lganini aytdi. Shuningdek, u 4 noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan bu masalani muhokama qilish niyatini bildirdi. 

O‘sha kuni “Bloomberg” manbalari Turkiya hukumati Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini yil oxirigacha yoki hatto iyun oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga qadar ratifikatsiya qilmasligini ma’lum qildi. Agentlik manbalariga ko‘ra, Shvetsiya rasmiylari Anqaraning talablarini qondirish uchun yetarlicha harakat qilmagan. 

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO

Baholaganlar

28

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing