Turkiya eshiklarini ochdi. 40 mamlakat, jumladan, O‘zbekiston bilan aviaqatnovlar tiklanyapti
Olam
−
04 iyun 2020
8254Turkiya 10 iyundan boshlab 40 mamlakat bilan xalqaro parvozlarni boshlaydi. Bu haqda bugun, 4 iyun kuni Respublika transport va infratuzilma vaziri Adil Karaismailog‘lu ma’lum qildi.
"Ushbu oydan xalqaro reyslar boshlanadi. 40 mamlakat bilan parvozlar qayta tiklanadi. 10 iyundan boshlab birinchi reyslar Bolgariya, Qatar, Gretsiya, Bahrayn va Shimoliy Kiprga", dedi u.
Turk vazirining so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda Anqara 15 mamlakat bilan parvozlarni qayta tiklash to‘g‘risida dastlabki kelishuvga erishgan.
"Hozirda biz Shimoliy Kipr, Avstriya, Litva, Serbiya, Qozog‘iston, Albaniya, Belarus, Birlashgan Arab Amirliklari, Moldova, O‘zbekiston, Ukraina, Marokash, Iordaniya, Sudan va Italiya bilan kelishuvga erishdik", deya qo‘shimcha qildi Karaismailog‘lu.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 1 iyundan boshlab Turkiyada ichki reyslar qayta tiklandi. Mamlakatning asosiy aviakompaniyasi Turkish Airlines 18 iyundan boshlab Yevropaga xalqaro reyslarni amalga oshira boshlaydi.
Turkiya koronavirus pandemiyasi sabab barcha ichki va xalqaro aviaqatnovlarni to‘xtatgan edi. Jumladan, O‘zbekiston bilan ham. Biroq pandemiya vaziyati yumshagach, ikki davlat ham xalqaro turizmga alohida e’tibor qaratdi.
Jumladan, kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday dedi:
“1 iyundan boshlab ichki turizmning rivojlanishiga katta e’tibor berdik. Shu bilan birga, tashqi turizmda qaysi mamlakat bizni qabul qilishga tayyor bo‘lsa, biz ham tayyor bo‘lamiz. Biz darrov samolyotlarimizni uchiramiz. Mana, Turkiya bilan gaplashyapmiz. Ular tashqi turizmni ochishi bilan biz ham ochamiz”.
Ayni kunlarda Turkiyada koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 166 mingdan oshdi, 4 609 kishi vafot etdi, 130 852 bemor sog‘aydi.
LiveBarchasi