Turkiya elchisi Nodira Qodirova o‘limi masalasida TIVga chaqirtirildi
Jamiyat
−
09 noyabr 2019
10060Kecha, 8 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov Turkiya Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Er Mehmet Surayyani joriy yil 23 sentyabr kuni Anqara shahrida O‘zbekiston fuqarosi Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga tushuntirish olish uchun taklif qildi.
Tashqi ishlar vazirligi Matbumot xizmati xabariga ko‘ra, elchi O‘zbekiston fuqarosi vafotiga olib kelgan fojiali voqea munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirdi va hozirgi paytda Turkiyaning tegishli idoralari har tomonlama va sinchkovlik bilan tergov o‘tkazayotganini, ushbu ishga doir barcha holatlar o‘rganilayotganini qayd etdi.
Elchi tergov ob’ektiv olib borilishi, O‘zbekiston tomoni esa tezkor va muntazam tarzda tergovning borishi va natijalari to‘g‘risida xabardor qilinishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Nodira Qodirova 23 sentyabr kuni Turkiya parlamenti a’zosi, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida shubhali tarzda vafot etdi. Ayni vaqtda Nodira Qodirovaning vafoti yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda. Xonadon egasi Shirin Unal Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilganini ta’kidlamoqda. Qodirovaning akasi esa singlisi jinoyat qurboni bo‘lgani, unga ikki joyidan o‘q uzilgani, qolaversa, do‘pposlanganini aytmoqda.
LiveBarchasi