Turkiya chet elliklar uchun chegaralarini yopishi mumkinligini ma’lum qildi
Olam
−
19 iyul 2021
6726Koronavirusning “delta” shtammi tarqalishi keskin ko‘paygan taqdirda, Turkiya chet elliklar uchun o‘z chegaralarini yopishi mumkin. Bu haqda Respublikaning Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy ma’lum qilgan.
Joriy yilning 16 aprel kuni Turkiyada kunlik koronavirus bilan kasallanish holati bo‘yicha antirekord (63 082) qayd etilgandi. Iyun-iyul oylarida esa bu ko‘rsatkich 5-7 mingga tenglashdi. 1 iyuldan boshlab esa Turkiyada komendantlik soati bekor qilindi.
Biroq, kecha 18 iyulda Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi may oyining oxiridan beri koronavirus holatlarining kunlik maksimal o‘sishi haqida xabar berdi — 7680 holat, shuningdek bir kunda 66 kishi kasallikdan vafot etgani ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Koja so‘nggi bir hafta ichida mamlakatda koronavirusning “delta” shtammini yuqtirish holatlari soni deyarli uch baravarga oshganini va 750 ga yetganini xabar qildi.
“Hech narsaga kafolat yo‘q, albatta, “delta” shtammi bilan bir qator viloyatlarda sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatish kerak. Biroq, xalqaro parvozlar uchun butun mamlakatdagi vaziyat hisobga olinadi. Birinchi o‘rinda maksimal vaksinatsiya”, degan Ersoy.
Unga ko‘ra, agar emlash tezlashtirilsa, Turkiya normal hayotga qaytishi mumkin.
Vazir, shuningdek Turkiya bu yil 20 milliard dollar daromad olinishi kutilayotgan 25 million sayyohni kutishni mo‘ljallayotganini ta’kidlagan.
“Ammo mening shaxsiy maqsadim 30 million sayyoh va 23 milliard daromad. Iyul oyi uchun ulkan maqsadlarimiz bor, aeroportlardan olingan ma’lumotlarga qaraganda, ular albatta amalga oshadi”, deya xulosa qilgan Ersoy.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada koronavirusga chalinganlar soni 5,53 mlndan oshgan. 50 554 nafar bemor vafot etgan.
LiveBarchasi