Turkiya bo‘ylab katta miqdordagi soxta dollarlar tarqalib ketdi  

Olam

image

Turkiyaga xorijdan kirgan soxta dollar kupyuralarining umumiy qiymati 1 milliard dollardan oshishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Ekonomim” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, avvalroq Turkiyaga taxminan 600 million dollar qiymatdagi qalbaki banknotlar kontrabanda yo‘li bilan kiritilgani ma’lum bo‘lgan. Ulardan katta qismi 50 dollar nominaldagi kupyuralardan iborat bo‘lib, shu sababli ayriboshlash punktlari va banklar ushbu nominaldagi, shuningdek, eski 100 dollarlik banknotlar bilan operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatgan. Mutaxassislarning fikricha, soxta dollarlarning asosiy qismi Suriya, Eron va Bolqon mamlakatlaridan kiritilgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, qalbaki valyuta bilan birinchi operatsiya Suriya chegarasiga yaqin joylashgan Gaziantep shahrida amalga oshirilgan. Bundan tashqari, qalbaki dollarlar Antaliya, Izmir va Istanbulda ham aniqlangan.

“Haberturk” telekanali xabariga ko‘ra, turk banklari hafta davomida dollar bilan bog‘liq firibgarlik holatlari haqida yozma ogohlantirish olgan.

“Banknotlar bilan operatsiyalarni amalga oshirayotganda, ayniqsa 100 dollarlik banknotlarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish kerak”, deyiladi banklarga yuborilgan maktubda.

Turkiya Vakolatli tashkilotlar va valyuta ayirboshlash punktlari assotsiatsiyasi boshqaruv kengashi a’zosi Mustafo Unverning ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda valyuta ayirboshlash punktlarida banknota hisoblagichlarini yangilash rejalashtirilgan.

CNN-Turk telekanaliga ko‘ra, bu jarayon kamida bir oy davom etishi mumkin. Bank sektoridagi mutaxassislar qalbaki kupyuralar juda yuqori sifatda ishlab chiqarilgani va oddiy fuqarolar uchun ularni haqiqiysidan ajratish deyarli imkonsiz ekanligini ta’kidlamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Istanbulning bir qancha valyuta ayirboshlash punktlari 50 dollar nominaldagi, shuningdek, eski 100 dollarlik kupyuralarni qabul qilmayapti. Shuningdek, ular ushbu banknotlarni qayerda almashtirish mumkinligi borasida ma’lumotga ega emasliklarini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiyada istiqomat qiluvchi o‘zbekistonliklar mamlakatda soxta 50 dollarlik kupyuralar, ba’zan esa 100 dollarlik kupyuralar tarqalayotganidan ogohlantirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya soxta dollar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing