Turkiya Afg‘onistondagi harbiylarini olib chiqishni boshladi
Olam
−
26 avgust 2021
7230Turkiya NATOning harbiy missiyasi doriasida Afg‘onistonga kiritilgan harbiy kontingentini olib chiqishni boshladi. Bu haqda Turkiya Milliy mudofaa vazirligi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda "Anadolu" agentligi.
Mudofaa vazirligi Turkiya harbiylari 2002 yildan buyon Afg‘onistonda bo‘lib turgani, BMT va NATO missiyalari doirasida ikki tomonlama kelishuvlarga muvofiq berilgan topshiriqlarni bajarganini eslatgan.
“Turkiya harbiylarining sa’y-harakatlari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan edi. AQSH va NATOning Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqish haqidagi bayonotidan so‘ng, Turkiya “afg‘on xalqining o‘zi xohlagan taqdirda ularni qo‘llashda” davom etishini e’lon qildi. Shu bilan birga, agar zarur shart-sharoitlar yaratilsa, turk harbiylari so‘nggi olti yil davomida amalga oshirgan Qobul xalqaro aeroporti xavfsizligi va boshqaruvini ta’minlash vazifasini davom ettirishi mumkinligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Turkiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, kontingenti olib chiqish qarori vaziyatni tahlil qilish asosida va Afg‘oniston bo‘yicha muzokaralar hamda uchrashuvlar natijalarini hisobga olgan holda qabul qilingan.
Mudofaa idorasi Turkiya harbiylari boshqa davlatlar askarlari bilan birgalikda oxirgi kunlardagi betartiblikning oldini olgani va Qobuldagi Hamid Karzay aeroporti hududida xavfsizlikni ta’minlaganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, so‘nggi haftalarda Afg‘onistondan 1129 turk fuqarosi evakuatsiya qilinganligi ko‘rsatilgan.