Turkiy davlatlar o‘rtasida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi

Jamiyat

image

Bugun, 15 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Prezident o‘z nutqida hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surgan. Xususan, O‘zbekiston rahbari global texnologik jarayonlarni inobatga olgan holda tashkilot doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish lozimligini ta’kidlagan. Mazkur tashabbus kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, mintaqaviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlovchi “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT a’zo davlatlarining Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklif etilgan.

Ilmiy-ma’naviy merosni puxta o‘rganish va targ‘ib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaviy yirik ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanib bormoqda. Shu kunlarda majmuada TURKSOYning ofisi ochilgan.

“Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta ma’lumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish bo‘lar edi”, deydi davlat rahbari.

Sammitda Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini hamkorlikda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish taklifi ham berilgan.

Yosh avlodni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi yuqori baholanmoqda. Prezident yoshlarning startap loyihalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga a’zo davlatlarni qo‘shilishga chorlagan.

Yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida a’zo davlatlar o‘rtasida “E-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan o‘rta koridorni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lash hamda bojxona ma’lumotlari almashinuvini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab berilgan.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni tashkil etish maqsadida 2027 yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surilgan.

Shu bilan birga, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida TDT iqlim xatarlarini monitoring qilib borish tizimini yaratish hamda qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish jarayoniga sun’iy intellektni tatbiq etish zarurligi qayd etilgan.

Terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashishda mustahkam huquqiy va texnologik zamin yaratish maqsadida Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish taklifi berilgan.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqi yakunida intellektual salohiyat va birlikning uyg‘unligi Turkiy dunyoni barqaror taraqqiyot va ilg‘or yechimlar makoniga aylantirishini qayd etgan.

Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan birgalikda Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan masjid bilan tanishgan edi. Keyinroq, O‘zbekiston yetakchisi Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek, yetakchilar Turkiston shahrining tarixiy-madaniy markazida bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turkiston Turkiy davlatlar tashkiloti Turkiy davlatlar Turkiston deklaratsiyas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing