Turkiy davlatlar rahbarlari Samarqandda to‘planadi
Olam
−
06 iyul 2022
32185Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti joriy yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda kecha, 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida kechgan telefon suhbatida so‘z borgan.
Muloqotda 2022 yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yuzasidan fikr almashilgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammit Turkiy davlatlar tashkilotining ilk yig‘ilishi sifatida tarixda qoladi. Bungacha tashkilot Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan faoliyat yuritgan.
Tashkilotning so‘nggi sammiti 2021 yilning 13 noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan edi. Ushbu sammitda tashkilot nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deya qayta nomlandi.
O‘zbekiston ushbu tashkilotga 2019 yilning oktyabr oyida a’zo bo‘lgan.
Ayni vaqtda tashkilotga Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Ozarbayjon a’zo sanaladi. Vengriya va Turkmaniston esa kuzatuvchi davlat maqomiga ega.
2021 yilda o‘tgan sammitda davlat rahbarlari 10 dan ortiq hujjat – sammitning yakuniy deklaratsiyasi, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlarni imzolaganlar.
LiveBarchasi