Turk lirasi yana qadrsizlandi

Olam

image

Turkiyada yangi Moliya vaziri tayinlanishiga qaramay lira 1 foizga qadrsizlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Turk lirasining kursi bugun, 5 iyun holatiga ko‘ra, 1,15 foizga pasayib, bir dollar uchun 21,17 lirani tashkil qilgan. Bu bir dollar uchun 21,8 liraga teng bo‘lgan o‘tgan haftadagi rekord darajaga yaqin.

Lira yangi Moliya vaziri tayinlanishiga qaramay, pasayishda davom etmoqda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 3 iyun kuni Mehmet Shimshekni G‘aznachilik va moliya vazirligiga rahbar etib tayinlagan. Ilgari u Merrill Lynch kompaniyasining London bo‘limida ishlagan, so‘ngra Moliya vaziri, keyin esa Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2018 yilda Erdo‘g‘an kuyovi Berat Albayrakni Moliya vazirligi rahbari etib tayinlaganidan so‘ng u hukumatni tark etgan.

“Financial Times” tahlilchilari Shimshekning tayinlanishi Erdo‘g‘an mamlakatning iqtisodiy siyosatini o‘zgartirishga tayyor ekanini ko‘rsatishi mumkin, deb hisoblaydi. Yangi vazir an’anaviy pul-kredit siyosatiga qaytishni, jumladan, asosiy stavkani oshirishni yoqlaydi. “Bloomberg” manbalariga ko‘ra esa, Shimshek Erdo‘g‘an bilan qayta saylanganidan so‘ng o‘tkazgan uchrashuvida uning qaytish sharti sifatida avtonom pul-kredit siyosati olib borish imkoniyatini ilgari surgan. Shimshekning o‘zi kecha, 4 iyun kuni Turkiya iqtisodiyotining oqilona asosga qaytishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytgan. 
“Oshkoralik, izchillik, prognoz qilish va xalqaro me’yorlarga rioya qilish bizning asosiy tamoyillarimiz bo‘ladi”, deb va’da bergan yangi tayinlangan vazir.

Ta’kidlash joizki, avvalgi pul-kredit siyosati va davlatning iqtisodga aralashuvi iste’mol narxlarining o‘sishiga, lira kursining rekord darajaga tushishiga va kapitalning Turkiyadan qochib ketishiga olib kelgan. 2013 yildan beri turk aksiyalari va obligatsiyalaridagi jami xorijiy xoldinglar qariyb 85 foizga yoki deyarli 130 milliard dollarga kamaygan. Turkiya Markaziy banki so‘nggi 1,5 yil ichida lirani qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 200 milliard dollar sarflagan, sof valyuta zaxiralari manfiyga chiqqan, 2022 yilda inflyatsiya 80 foizdan oshgan. 2023 yil aprel oyida, prezidentlik saylovlari oldidan u 44% darajasida bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Erdo'g'an Turk lirasi Shimshek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing