Turdimov nega Samarqand viloyati hokimiyatidagilarni ishdan oldi?

Jamiyat

image

Kecha, 11 iyul kuni viloyat hokimligida madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonun talablariga rioya etish, ko‘p yillik daraxtlarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi. 

Samarqand viloyati hokimining rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, muhokamada viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, sohaga mas’ul korxona va tashkilotlar hamda direksiyalar vakillari ishtirok etishdi.

Muhokamada madaniy meros ob’ektlarida olib borilayotgan restavratsiya jarayonida, ob’ektlar hududini obodonlashtirish jarayonida, shuningdek, chinor, tol kabi ko‘p yillik daraxtlarni asrash hamda shaharga tashrif buyurayotgan mehmonlar va turistlarga zaruriy shart-sharoit yaratish borasidagi ishlarda yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar tanqid qilindi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida “Park-ozero” nomi bilan yuritiladigan dam olish maskanida “Aleksandr” mehmonxonasi ma’muriyati va ular jalb qilgan quruvchilar tomonidan ko‘p yillik chinorning hech qanday ruxsatsiz kesilishi masalasi atroflicha muhokama etildi.

Muhokama davomida viloyat prokuraturasi tomonidan 3 kun muddatda Samarqand shahridagi “Park-ozero” nomi bilan yuritiladigan dam olish maskanidagi holat atroflicha o‘rganib chiqilishi, aybdorlarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘rilishi va jamoatchilikka bildirilishi ma’lum qilindi.

Viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Ulug‘bek Obloqulov hamda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimi Alisher Muhammadiyevlarni ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida ma’muriy sudga murojaat qilinishi belgilandi.

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida va tizim boshqaruvida qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Negmatov egallab turgan vazifasiga noloyiq ekanligi, xuddi shunday Registon ansamblini ta’mirlash va undan foydalanish mustaqil direksiyasi direktori Marufi Bexruz Raufzoda ham o‘ta qo‘pol xato ya’ni, Registon majmuasini ta’mirlash uchun hech kim bilan kelishmasdan, “Mardikor” jalb qilgani, ishdagi mas’uliyatsizligi uchun  vazifasiga noloyiq ekanligi ta’kidlanib, ularni egallab turgan lavozimidan bo‘shatish to‘g‘risida yuqori turuvchi idoralarga taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda sansolarlikka yo‘l qo‘yganligi, bog‘ibeg‘amlik, mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun Bibixonim majmuasi rahbari Gulbahor Oqilova tegishli kengashdan ruxsatnoma olmasdan Bibixonim majmuasida zamonaviy liksan o‘rnatganligi (bugungi kunda liksan olib tashlanib, eski holatiga qaytarildi) uchun rasman ogohlantirildi hamda viloyat muzeylar boshqarmasi boshlig‘ining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xoliqul Rajabovga “Xayfsan” intizomiy chora qo‘llanildi.

Muhokama yakunida mazkur yo‘nalishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi kechirilmasligi, qat’iy jazo choralari ko‘rilishi hamda bu borada shikoyatga o‘rin yo‘qligi ishtirokchilarga yana bir bora uqtirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand viloyati Erkinjon Turdimov

Baholaganlar

216

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing