Tunnel tubidan xushxabar: Nepalda ikki ishchi tirik holda topildi
Olam
−
10:42 1196 1 daqiqa
Nepalda joriy yilning 26 avgust kuni yuz bergan muzlik qulashi va sel oqibatida gidroelektr stansiyasi tunnelida qolib ketgan ikki ishchi to‘qqiz kundan so‘ng tirik holda qutqarildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tunneldan qutqarilgan ikki ishchi – mexanik uchastka ustasi Sanjay Sah va mexanik nazoratchi Kabir Maharjan bo‘lgan.
Ular Trishuli daryosidagi Upper Trishuli 3A gidroelektr stansiyasi tunnelidan chiqarib olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kabir Maharjanning qo‘l va oyoqlarini qimirlatish imkoniyati yo‘q. Sanjay Sahning jarohatlari esa og‘ir emas. Ikki ishchi Katmandudagi shifoxonaga olib ketilmoqda.
Rasmiylar va qutqaruvchilar 26 avgust kuni Trishuli daryosining yuqori qismida muzlik qulagani ortidan daryo bo‘ylab joylashgan 6 ta gidroelektr loyihasiga tegishli tunnellarda kamida 900 kishi qolib ketgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Kabir Maharjanning akasi Amir Maharjan ukasi topilgani haqida rasmiy xabar olmaganini, biroq uni shifoxonaga borish uchun chaqirishganini aytgan.
“Yangiliklardan ukam topilganini eshitdim. Butun oilamiz juda xursand“, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepalda vayronkor sel oqibatlarini bartaraf etish va gidroelektr stansiyalari tunnellarida qolib ketganlarni qidirish ishlarida 500 dan ortiq muhandisdan iborat WhatsApp guruhi qutqaruvchilarga real vaqtda texnik ko‘mak berayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi