To‘xtamayotgan Turdimov: to‘rtinchi bor viloyat hokimi

Tahlil

“Hokimlarning vakolat muddati — besh yil. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shaharning hokimi etib tayinlanishi mumkin emas”, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 121-modda.

Ammo bir shaxs necha marta hokim bo‘lishi borasida aniq qoida yo‘q. Yaqindagina Samarqand viloyati hokimligidan ketgan Erkinjon Turdimov yana bir viloyat hokimi bo‘lishi kutilmoqda. Kecha, 22 yanvar kuni Prezident Mirziyoyev farmoni bilan 56 yoshli Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bir hafta oldin, 16 yanvarda esa 2022 yildan buyon viloyatni boshqarib kelayotgan Akmaljon Mahmudaliyevning ishdan ketkizilgani ma’lum qilingandi. Biroq uning ishdan ketishi haqidagi gap-so‘zlar yil boshidayoq tarmoqlarga sizdirilgan bo‘lsa-da, hokimlik buni rad etib kelayotgan edi.

Turdimovning hokimlik faoliyati

Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va endi Sirdaryo! Hozirda Turdimov hokim vazifasini boshqaruvchi bo‘lsa-da, shu lavozimda qolishi ehtimoli katta. Chunki u chorak asrki, hokimlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan kam sonli mansabdorlardan. Ijtimoiy tarmoqlarda “sirdaryoliklar, shunday hokimni kutib olishga tayyormisiz?” qabilidagi izohlar qoldirilmoqda. 

Aslida iqtisodchi Turdimov hokimlik qadamini ilk marotaba 2000 yilda Navoiy viloyati Xatirchi tumanida bosgan. Tumandagi 8 yillik hokimlikdan so‘ng u 2008 yil 12 dekabrda Bahriddin Ro‘ziyevning o‘rniga Navoiy viloyati hokimi etib tayinlangan va viloyatni ham 8 yil davomida boshqargan. Shundan so‘ng Erkinjon Turdimov 2016 yil 20 dekabrda Surxondaryo viloyati hokimligiga tayinlangan, biroq ko‘p o‘tmasdan 2018 yilning yozida ishdan olingan Turobjon Jo‘rayevning o‘rniga Samarqand viloyati hokimi hokim etib tayinlandi. O‘z navbatida, uning o‘rniga Surxondaryoga Toshkent viloyati prokurori Bahodir Po‘latov yangi hokim etib tayinlangan. Biroq Po‘latov viloyatni bor-yo‘g‘i 9 oygina boshqargan. Shunday qilib, bu safar Turdimov to‘rtinchi bor viloyat hokimi lavozimiga kelishi, Xatirchi tumanidagi 8 yillik faoliyatini ham hisobga olsak, unda "hokimbuva" beshinchi marotaba o‘z kursisini egallamoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

QALAMPIR.UZ bilan intervyuda Turdimovdan uchta viloyat (Navoiy, Surxondaryo, Samarqand)ga hokimlik qilgani, ularning bir-biridan farqi va qaysi biri muammoli hudud ekani haqida so‘ralganida, hokim shunday javob bergan edi:

“Uchala hudud ham rang-barang. Hammasining o‘ziga yarasha muammolari va yutuqlari bor. Navoiy – sanoati rivojlangan, ijtimoiy muammolari kam viloyat. Lekin hududi kattaligi, cho‘l joylari ko‘pligi bilan ko‘proq e’tibor talab qiladi. Surxondaryoda esa muhandis, texnolog kabi mutaxassislar kam-u, dehqonlar ko‘p. Afg‘oniston bilan qo‘shniligi, “tupik” joylashuvi boshqa hududlarga qaraganda qoloqlikka olib kelgan. Lekin keyingi paytda sanoat kirib bordi va katta rivojlanish bo‘ldi. Odamlari esa maqsadga intiluvchan, ajoyib insonlar. Samarqand azaldan ilm-ma’rifat maskani. Ham madaniyatga boy, ham murakkab hudud. Viloyatda ko‘p millatli 4 million aholi yashaydi. Shuning uchun ham eng ko‘p ish shu viloyatda”, degan hokim.

U ham pora olganmi?

Qayta-qayta har xil hududda bitta mansabga tayinlanish uchun shaxsning mehnat faoliyati qanchalik toza bo‘lishi kerak? QALAMPIR.UZ’ga Erkinjon Turdimov hech qachon pora olmagani va bermagani haqida gapirgan.

“Ayolim, ikki o‘g‘lim va o‘zim ishlaymiz, qizim o‘qiydi, oilaviy byudjetimiz oyiga 30 million so‘m. Xarajat yo‘q, lekin daromad bor. Tagimda mashina bo‘lsa, qayerga borsam, to‘rga o‘tkazishsa. Hozir shunaqa sharoitki, pora olishga ham, berishga ham hojat yo‘q”, degan o‘sha paytda Samarqandda hokimlik qilayotgan Turdimov.

"Hokimbuva" o‘tgan yilning 28 noyabrida Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi. Biroz oldin uning ishdan ketishi haqidagi ma’lumotlarga oydinlik kiritish uchun murojaat qilganida hokimlik matbuot kotibi QALAMPIR.UZ’ga bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan edi. 2023 yilda ham Turdimovning “ketishi” haqida gaplar tarqalgan, ammo u o‘z o‘rnida qolgandi. Bunday xabarlar tarqalishiga hokimning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar ham sabab bo‘lishi mumkin.

“Ha, uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar borligini hamma biladi. U 1-1,5 oy davomida har yili davolanadi ham. Lekin bu shu paytgacha uning o‘z vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilmagan”, degan edi QALAMPIR.UZ’ga ma’lumot bergan hokimlik matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev.

O‘zgacha sayyor qabullari bilan ko‘p tilga olingan Erkinjon Turdimovning hokimlik faoliyatini rang-barang deyish mumkin, ayniqsa, Samarqand viloyatidagisini. 2020 yilda u viloyatda oqsoch ayollar tayyorlash bo‘yicha alohida markaz ochish taklifini bildirgandi.

“Hozir chet elda  va o‘zimizda uy yumushlarini bajaradigan xotin-qizlarga talab ortgan. Samarqanddan ko‘plab ayollar Turkiyaga borib, uylarda boquvchilik qilishmoqda. O‘zimizda ham bunday yordamchi ayollarga ehtiyoj ortib bormoqda. Lekin bizda bunday kasb egalarini tayyorlaydigan markazlar mavjud emas. Men shunday markazlar faoliyatini tashkil etishni taklif qilaman”, degandi Turdimov.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu taklif keskin muhokama va norozilikka sabab bo‘lib, keyinchalik hokimlik bunga izoh berishga majbur bo‘lgandi. Oradan qariyb besh yil o‘tdiki, mazkur taklif amalga tatbiq etildimi yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda.

2021 yil 15 mart kuni Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Afg‘oniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga vazirlikning esdalik medalini topshirib, Turdimov ushbu medalga sazovor bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ekanini ta’kidlagandi.

Turdimov yaxshi hokimmi?

O‘zbekistonliklar so‘kong‘ich, qo‘pol va hatto shapaloq tortadigan hokimlarga o‘rganib qolgan. Tuman, shahar, viloyat hokimi deysizmi, mansabga o‘tirgan zahoti tili va bilagida quvvati oshadi, shundanmi qaysidir hokimning yozib olingan audiosi, videosi noodatiy qarshi olinmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Turdimov hikoyasida bunaqasi bo‘lmadi deyish mumkin, qo‘l ostidagilariga bergan dakkilarini inobatga olmasa, albatta. 2023 yil yanvarida Turdimov kuchli qordan so‘ng tozalanmagan ko‘chalar masalasini gapirarkan, yig‘ilish zalidan ayrim mas’ullarni tashqariga chiqarib yuborgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Hokimdan gap eshitganlar faqatgina yo‘lchilar emas, Turdimov tibbiyot sohasi vakillari ishtirokida videoselektor o‘tkazib, ayrim shifokorlarning dori ishlab chiqaruvchi turli firmalar bilan kelishgan holda bemorlarga kerak bo‘lmagan dorilarni yozib berish holatlarini tanqid qilgandi.

Hatto 2022 yilning fevralida u mutasaddilarni tanqid qilgan jurnalist va blogerlarga pul mukofoti va’da qilgandi.

“15 fevraldan boshlab – blogerlar, jurnalistlar – kim negativ olib kelsa, ularni manfaatdor qilamiz. Alohida pul topib beraman. Kim olib kelishining farqi yo‘q, ko‘chadagi odam bo‘lsayam mayli”, degan edi hokim.

Erkinjon Turdimov boshqalarni tanqid qilarkan-u, o‘zi tanqidni qanday qabul qiladi – buyog‘i bizga qorong‘i.

Mansabdorlarning “bahoni xalq beradi” degan gapi bor. Shundan kelib chiqib biz ham Turdimovning hokimlik faoliyati haqida ko‘proq bilishga urindik. Samarqandlik “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli advokat Ozod Jo‘raboyevning hokim haqidagi fikrlari shunday:

“Turdimov Surxondaryoda hokim bo‘lgan vaqtlari men HMQOda tergovchi edim. Bu odam ayni hokimiyat o‘zgarib, yangi O‘zbekiston paydo bo‘lganida xalqqa ko‘p yordam bergan. Masalan, sobiq MXX xodimlari Angor tumani "pasport stol" boshlig‘ini yetti oy qiynab, qamoqqa tashlaganida hech qayeri ishlamaydigan shol bo‘lib qolgan ekan. Keyin uning ishi bizga o‘tkazildi. Men surishtiruv o‘tkazganman, uyiga borganimda u yigitning biror a’zosi ishlamasdi. Aynan Erkinjon Turdimov hokimiyat hisobidanmi yoki shaxsiy hisobidanmi bilmadim, uni Germaniyaga davolanishga yuborgan edi va doimiy bizdan uning ahvoli haqida so‘rab turardi. Keyinchalik o‘sha yigitga nisbatan jinoyat ishlari tugatilib, u oqlandi. Agar ruhiy ko‘rikdan o‘tib, davolansa, boshqa organlari ham tuzalib ketadi deyishgan ekan, shu kishini yaqinda topib suhbatlashdim, irodasi sinmagan, TDYUUda sirtdan o‘qiyotgan va oqlangandan so‘ng ichki ishlar tizimiga tiklanib ishlayotgan ekan. To‘g‘ri, hokimiyatda turli kamchiliklar bo‘ladi. Ko‘pchilik norozi bo‘lishi mumkin, chunki hammaga bir xil yoqib bo‘lmaydi. Gohida qattiqqo‘llik qilishga to‘g‘ri keladi. Lekin Surxondaryodan olinib, Samarqandga qo‘yilganida juda ko‘p insonlar yig‘lab qolgandi shunday hokimimiz ketyapti deb. Hozirgacha surxondaryoliklarni hokimni qo‘msaydi, deb eshitaman. Samarqand katta va aholisi zich hudud. Norozilar ham bo‘lishi mumkin, ammo men yaxshi boshqardi deb hisoblayman. Sirdaryoning ham iqtisodini ko‘tarish va boshqa sohalarda rivojlantirish uchun Turdimov hokimlikka qo‘yildi deb o‘ylayman. U inson haqida kam "negativ" eshitganman, u ham bo‘lsa Turdimov qayerda ishlasa, o‘sha yerda o‘z tanishlarini ishga qo‘yadi va jamoa tuzib oladi deb. Buning qanchalik rost yoki yolg‘onligini bilmayman”, deydi advokat.

Qachon hokimlarni xalq saylaydi?

“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga ko‘ra, viloyat va Toshkent shahar hokimi Prezident tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Lekin Shavkat Mirziyoyev hokimlarni xalq saylashi tarafdori ekanini ta’kidlaydi.

“Baribir viloyat, tuman, shahar hokimlarini xalq saylaydi, qanday og‘ir bo‘lmasin shu kunga kelamiz. Xalq joylardagi hokimiyat vakillaridan hisobot talab qilsa, vaziyat o‘zgaradi”, degan edi Prezident.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish masalalari ko‘rib chiqilayotgan paytda senator Tolibjon Madumarov jurnalistlarga Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilgach, aholi hokimlarni bevosita saylash huquqiga ega bo‘lishini aytgandi.

“Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi 99, 100, 101 moddalarda mahalliy kengashlarning bo‘linishi masalasi qo‘yilgan. Ya’ni hokim mahalliy kengashga raislik qilmaydi, mahalliy kengashga deputatlar ichidan alohida rais saylanadi. Hokim esa xalq tomonidan saylanadi. Bular qonunda turibdi. Keyingi yilga referendum o‘tsa, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ma’qullangach, bu tartib kuchga kiradi”, degan edi Madumarov.

Ma’lumot uchun, yangilangan Konstitutsiyaning 99, 100 va 101-moddalarida hokimlarni saylash haqida so‘z bormaydi. 99-modda hokimlar endi xalq deputatlari kengashlariga raislik qilmasligi haqida bo‘lsa, 102-modda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi vakolatlari haqida. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimini tayinlash hamda lavozimidan ozod etish borasida 109-moddada so‘z borgan va bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatiga kirishi belgilangan.

Iqbol Ergashova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Samarqand Erkinjon Turdimov hokim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing