To‘kayev barcha yadroviy davlatlarni muzokaralarga chaqirdi
Olam
−
12:14 613 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yadroviy davlatlarni muzokaralar o‘tkazishga va yadroviy sinovlarni har tomonlama taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani tezroq kuchga kiritishga chaqirdi. Bu haqda To‘qayevning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Qozog‘iston tashabbusi bilan ta’sis etilgan 29 avgust – Yadroviy sinovlarga qarshi xalqaro harakat kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston rahbari murojaatnomasida 35 yil avval murakkab xalqaro vaziyatda Semipalatinsk yadroviy poligoni yopilganini ta’kidlagan.
“To‘liq 35 yil avval murakkab xalqaro vaziyatda Semipalatinsk yadroviy poligoni yopildi. O‘nlab yillar davomida u insonlar salomatligi va atrof-muhitga o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan zarar yetkazib, xalqimiz taqdirida og‘riqli iz qoldirdi”, degan To‘qayev.
Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu sana butun insoniyat uchun yadroviy sinovlarning fojiali oqibatlarini eslatib turadi hamda bunday sinovlarga kelgusida yo‘l qo‘ymaslikka chaqiriq bo‘lib xizmat qiladi.
To‘qayev, shuningdek, Qozog‘iston dunyodagi hajmi bo‘yicha to‘rtinchi yirik yadroviy arsenaldan ixtiyoriy ravishda voz kechganini ham qayd etgan.
“Sayyoradagi hajmi bo‘yicha to‘rtinchi yirik yadroviy arsenaldan ixtiyoriy ravishda voz kechib, Qozog‘iston tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish yo‘lini tanladi. Bu qaror qozog‘istonliklarning orzu-intilishlarini amalga oshirdi va davlatimizning kelajak avlodlar taqdiri oldidagi mas’uliyatini namoyon etdi”, degan u.
Prezident mamlakat tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biri barcha davlatlar bilan tinchlik va do‘stlikka intilish ekanini ta’kidlagan. Ushbu tamoyil Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasi muqaddimasida ham mustahkamlangan.
“Mamlakatimizning dunyodagi antiyadroviy harakat yetakchilaridan biri sifatidagi pozitsiyasi o‘zgarmas: biz yadroviy davlatlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishga, Yadroviy sinovlarni har tomonlama taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaning tezroq kuchga kirishiga hamda yadroviy quroldan foydalanish tahdidini bartaraf etish maqsadida qat’iy ko‘p tomonlama choralar ko‘rishga chaqirmoqdamiz”, degan To‘qayev.
Qozog‘iston rahbari atom energiyasi faqat bunyodkorlik maqsadlariga xizmat qilishi kerakligini alohida ta’kidlagan. Uning aytishicha, umummilliy referendumda Qozog‘iston xalqi yadroviy energetikani rivojlantirish kursini qat’iy qo‘llab-quvvatlagan.
Ma’lum qilinishicha, To‘qayev bu qaror mamlakatning iqtisodiy, ilmiy va texnologik taraqqiyoti uchun o‘nlab yillarga mo‘ljallangan mustahkam poydevor yaratganini bildirgan.
Prezidentning qayd etishicha, mazkur strategik tanlov Qozog‘istonning barqaror rivojlanishida yangi bosqichni boshlashga qaratilgan islohotlarning muhim qismi hisoblanadi. Jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar “Adolatli, taraqqiy etgan va toza Qozog‘iston”ni barpo etishga qaratilgan.
“Ishonchim komil, biz birgalikda bu yuksak maqsadga erishamiz”, deya xulosa qilgan To‘qayev.
Ma’lumot uchun, Semipalatinsk yadroviy poligoni (hozirgi Abay viloyati, Qozog‘iston) – Sovet Ittifoqining eng yirik yadroviy sinov maydonlaridan biri bo‘lib, 1949-1989 yillarda faoliyat yuritgan. Uning umumiy maydoni 18 500 kvadrat kilometrdan ortiq bo‘lib, 40 yil davomida bu yerda 456 ta yadroviy portlash sodir etilgan.
Radiatsiya oqibatida 1,5 milliondan ortiq inson jabr ko‘rgan. Mahalliy aholi orasida saraton (onkologiya), tug‘ma nogironlik, genetik mutatsiyalar va ruhiy kasalliklar darajasi keskin ortib ketgan. Shuningdek, portlashlar oqibatida radioaktiv moddalar (plutoniy, stronsiy, seziy) tuproq, suv va havoga tarqalib, ulkan hududlarni zaharlagan.
Xalqning kuchli noroziligi va “Nevada – Semipalatinsk” harakati sababli poligon 1991 yil 29 avgustda rasman yopilgan. Bugungi kunda ushbu sana butun dunyoda Yadroviy sinovlarga qarshi xalqaro kurash kuni sifatida nishonlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashi apparatining maqomini o‘zgartiruvchi farmonni imzolagandi. Unga ko‘ra, endilikda Xavfsizlik kengashi apparati bevosita davlat rahbariga bo‘ysunadigan va unga hisobdor bo‘lgan alohida davlat organi sifatida faoliyat yuritadi.
Live
Barchasi