Ukraina sentyabr oxiriga qadar muzokaralarning dastlabki natijalarini ko‘rishi mumkin – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan olib borilayotgan muzokaralarning dastlabki natijalari sentyabr oxirigacha paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Zelenskiy Kanadada OAV vakillari bilan suhbatda so‘z ochdi.

Zelenskiyga ko‘ra, bu natijalar don eksporti va energetika masalalariga taalluqli bo‘lishi mumkin.

Zelenskiyning qayd etishicha, Rossiyada joriy yilning 20 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari davrida jiddiy muzokaralar o‘tkazilishi kutilmayapti. Biroq sentyabr oxirida Nyu-Yorkda AQSH vakillari bilan uchrashuv o‘tkazish imkoniyati bor.

“Shu davr mobaynida har kuni mening maslahatchilarim va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar Amerika jamoasi bilan aloqada bo‘lmoqda”, degan Zelenskiy.

Prezident sentyabr oxirigacha muzokaralarning dastlabki natijalariga erishish imkoniyati borligini qayd etgan. Shuningdek, Zelenskiy oy oxirida Nyu-Yorkda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishi rejalashtirilganini aytgan.

“Hozir biz energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ehtimoliy natijalar masalasini ko‘taryapmiz. Menimcha, bunga erisha olamiz. Nyu-Yorkda Prezident Tramp bilan uchrashuvdan keyin bu haqda ochiqroq gapira olaman. Umid qilamanki, buning uchun imkoniyat topamiz”, degan u.

Zelenskiy don eksporti masalasi faqat Ukraina va Rossiyaga emas, balki butun dunyoga taalluqli muammo ekanini ta’kidlagan.

U so‘nggi bir necha oy davomida Misr, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va AQSH bilan muhim muzokaralar o‘tkazilganini aytgan. Ushbu davlatlarning barchasi oziq-ovqat ta’minotining butun dunyo uchun to‘sib qo‘yilishi katta muammo ekanini bildirgan.

“Bu faqat ukrainaliklar yoki rossiyaliklar uchun emas, balki butun dunyo uchun muammo. Oziq-ovqat xavfsizligi juda muhim va biz bunga tayyormiz. Bu qanday amalga oshirilishi mumkinligini muhokama qildik va o‘z qarashlarimizni bildirdik. Ammo bu rossiyaliklarga bog‘liq”, degan Ukraina Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan don eksporti va energetika masalalarida murosa izlashga tayyorligini, biroq kelishuvga erishish uchun har ikki tomon ham qadam tashlashi kerakligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing