Qo‘rqayotgan isroilliklar, Nepaldagi fojia va qahramonlardan voz kechayotgan To‘qayev – Weekend
Tahlil
−
18:45 1160 20 daqiqa
Himolayda dahshatli fojia. Muzlik qulashi oqibatida ba’zi qishloqlar yer bilan bitta bo‘ldi. Yuzlab qurbonlar, minglab bedarak yo‘qolganlar bor. Fojiadan keyin esa Donald Tramp to‘satdan “beg‘araz saxovatpesha”ga aylandi. Xo‘sh, Amerikaning Himolayga e’tibor qaratishi shunchaki insonparvarlikmi yoki Sharqiy Osiyoda yangi geosiyosiy ta’sir doirasini bo‘lishib olish o‘yinimi?
“Xavfsizlik oroli” deya ko‘kka ko‘tarilgan Isroilik ertagi ichkaridan barbod bo‘ladi shekilli. Bugun isroilliklarning 52 foizi xorijda o‘z pasportini ko‘rsatishdan ham, millatini aytishdan ham hayiqyapti. Tel-Avivning ko‘p milliard dollarlik propagandasi o‘z xalqini qo‘rquv girdobiga tashladi.
AQSH xaritalarni qalam bilan emas, qurol bilan qayta chizishga o‘tdi. Tramp Ontario ko‘lini “Amerika ko‘li” deb e’lon qildi. Kanadani bo‘lsa “51-shtat” darajasiga tushirmoqchi. Dunyo yana jim. Shu arosatli kunlarda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff maxfiy ravishda Moskvaga bordi. Xuddi shu lavozimdagi avvalgi inson so‘nggi marta Rossiyaga kelganidan keyin Ukraina bilan urush boshlangandi. Xo‘sh, bu safar bizni nima kutyapti?
To‘qima botirlar, darsliklardagi 700 dan ortiq soxta fakt va adabiyotdagi surunkali yig‘loqilik... Qosim-Jomart To‘qayev milliy mafkurani “tozalash”ga qat’iy qaror qildi! U soxta qahramonliklar haqida gapirishni, yozishni va o‘qitishni to‘xtatmoqchi. Xo‘sh, Ostonaning bu favqulodda mafkuraviy burilishi butun Markaziy Osiyo uchun hushyorlik da’vati bo‘la oladimi?
Yuzlab qurbonlar va minglab yo‘qolganlar
Himolay – azaldan dunyo tomi, soflik va tinchlik ramzi sifatida ko‘rilgan. Ammo tabiat o‘z muvozanatini yo‘qotganda, afsonaviy cho‘qqilar ham shafqatsiz qotilga aylanishini navbatdagi fojia yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.
26 avgust kuni ertalab Himolaydagi muzlik quladi. Ulkan tosh massasi va loy qoldiqlari daryoga yopirilib, suv sathi keskin ko‘tarilib ketdi. Natijada shiddatli loyqa oqim vodiylarni yorib o‘tib, Katmandu va Tibetni bog‘lovchi strategik marshrut bo‘ylab elektr stansiyalari, yo‘llar va ko‘priklarni yo‘q qildi. Tabiiyki odamlarni ham.
AQSH Geologiya xizmati dastlab hududda 4,4 magnitudali zilzila qayd etilganini bildirgan. Keyinchalik bu zilzila emas, balki 5,2 magnitudaga teng muzlik qulashi natijasida yuzaga kelgan seysmik hodisa ekani aniqlangan. Mutaxassislarning aytishicha, muzlikdan tushgan muz va toshlar daryoni to‘sib qo‘ygan, shundan so‘ng suv katta kuch bilan pastga oqib, aholi punktlariga zarar yetkazgan. Trishuli daryosida suv sathi yarim soat ichida 9 metrga ko‘tarilgan.
Tasdiqlangan qurbonlar soni 616 kishiga yetdi, 1000 ga yaqin odam esa bedarak yo‘qolgan. Ularning kamida 540 nafari xorijiy sayyohlardir. Achinarlisi biz bu ma’lumotlarni bergan paytimiz, aslida raqamlar yanada ko‘paygan bo‘lishi mumkin. Omon qolganlarni topish umidi har soatda so‘nib bormoqda, chunki qutqaruvchilar texnikalar va izquvar itlar yordamida faqat loy ostidan qurbonlarnigina qazib olmoqda.
Dunyo tahlilchilariga ko‘ra, ushbu global fojia ortidan darhol katta siyosat “sahnaga chiqdi”. AQSH prezidenti Donald Tramp Nepalga yordam taklif qilganini aytdi.
“Hech kim hech qachon bunday narsani ko‘rmagan, juda qudratli, mustahkam, yaxshi qurilgan binolar xuddi tish kovlagichdek supurib tashlandi. Bu dahshatli hodisa. Biz yordam yuboryapmiz, rahbariyat bilan gaplashdik va nimaiki xohlasalar, shuni yetkazib berishimizni bildirdik”, deydi Tramp.
Odatda xalqaro yordamlar va iqlim o‘zgarishlari uchun pul ajratish haqida gap ketganda pragmatik pozitsiyada turadigan Janob Trampning to‘satdan tish kovlagichdek uchib ketgan binolarga qarab Himolayga nisbatan cheksiz saxovat ko‘rsatib qolishi e’tiborni tortadi. Sharqiy Osiyoda Pekinning ta’siri kuchayib borayotgan bir paytda Nepalga uzatilayotgan bu kabi “beg‘araz” yordamlar zamirida shunchaki insonparvarlik yotibdimi yoki geosiyosiy muvozanatni ushlash istagimi? bu mantiqiy savolni o‘zingizga qoldiramiz.
Boshqa tomondan, chegaraning narigi tarafida – Xitoyda ham vaziyat murakkab. Pekin 1951 yilda rasman o‘z tarkibiga qo‘shib olgan Tibet muxtor tumanida 558 kishi bedarak yo‘qolgan bo‘lib, ularning 260 nafari xorijliklardir. Xitoy bosh vaziri Li Syan 27 avgust kuni tushdan keyin shaxsan ofat hududiga yetib bordi. Bu tashrif Pekin ushbu falokatga milliy miqyosdagi eng ustuvor masala sifatida qarayotganini anglatadi. Bugun Xitoy harbiylari va muhandislari 8 kishilik guruh tuzib, to‘g‘on bilan to‘silib qolgan sun’iy ko‘lning 3D modelini yaratishga urinmoqda. Chunki yaqin uch kun ichida u yerga yana 3 million kub metr suv quyilishi kutilyapti. Xitoy Suv resurslari vazirligiga ko‘ra, ko‘l qirg‘oqlarining yorilishi xavfi yuqori va 1 sentyabr atrofida suv oqimi eng yuqori nuqtaga chiqishi kutilmoqda.
27 avgust kuni toshqindan jabr ko‘rgan Nuvakotga tashrif buyurgan Nepal bosh vaziri Balendra Shax vaziyat hamon og‘irligini ta’kidladi.
“Barcha davlat idoralari to‘laqonli quvvat bilan ishlamoqda. Bizning hozirgi birinchi navbatdagi vazifamiz – har bir fuqaroning hayotini saqlab qolish, bedarak yo‘qolganlarni qidirib topish va qutqarish, yaradorlarni davolash hamda jabrlangan oilalarga zudlik bilan yordam berishdir”, deydi Balendra Shax.
Ayni paytda butun dunyo bo‘ylab bedarak yo‘qolganlarning qarindoshlari ma’lumot izlab sarson bo‘lmoqda. Chitvan tumani ma’muri Ganesh Aryalning aytishicha, rasmiylar uning tumanidagi daryo tizimidan 103 ta jasadni topishgan. Mahalliy kasalxonalar va o‘likxonalar barcha jasadlarni sig‘dira olmagani sababli, tuman rasmiylari chodirlar o‘rnatib, oilalar o‘zlarining vafot etgan qarindoshlarini tanib olishlari va olib ketishlari uchun sharoit hozirlamoqda.
Xo‘sh, bu girdob ichida o‘zbekistonliklar bormi? O‘zbekistonning Dehlidagi bir vaqtning o‘zida Nepalda ham faoliyat yuritadigan elchixonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda falokat oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida vatandoshlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan. Diplomatik vakolatxona tegishli idoralar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyat rivojini muntazam kuzatib bormoqda.
“Reuters” bergan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, hududda umuman 1,5 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan, ularning 700 dan ortig‘i chet elliklardir. Nepalda 5 mingdan ortiq harbiy va politsiya xodimi qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb etilgan.
Mohiyatini yo‘qotayotgan diplomatiya
Dunyo siyosatida “diplomatiya” tushunchasi borgan sari o‘z mohiyatini yo‘qotib, xuddi bolalar maydonchasidagi o‘yinlar, masalan koptogi bor bola hammasini hal qiladigan mahalla futboliga o‘xshab qolyapti. Vashingtonda Oq uy tomonidan qabul qilinayotgan bir-biridan g‘alati qarorlar fikrimizga yaqqol dalildir.
27 avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp navbatdagi shov-shuvli bayonoti bilan xalqaro hamjamiyatni yana bir bor taajjubda qoldirdi. U Ontario ko‘li nomini “Amerika ko‘li” deb o‘zgartirish haqidagi farmonni imzoladi. O‘zgarish darhol kuchga kirishi e’lon qilindi.
“Ontario ko‘lining nomini Amerika ko‘liga o‘zgartiramiz. O‘zgarish darhol kuchga kiradi. Aslida bu o‘zgarish haqida men uzoq vaqtdan beri o‘ylab yurgan edim”, deydi Tramp.
To‘g‘ri, geografik xaritalarni bir qarich qalam bilan qayta chizib qo‘yish Tramp uchun yangilik emas. O‘tgan 2025 yilning yanvarida u Meksika ko‘rfazini “Amerika ko‘rfazi” deb atashni buyurgan edi. Endi esa navbat geografiyaning eng yirik ob’ektlariga kelganga o‘xshaydi. Tramp shunday sha’ma qilyapti.
“Ko‘rfaz va ko‘l nomini o‘zgartirdik, endi navbat okeanga. Balki Atlantika yoki Tinch okeanidan birortasini nomini o‘zgartirishimizga to‘g‘ri kelar. Ehtimol, ikkalasini ham o‘zgartirarmiz”, dedi Tramp.
Lekin bu yerda kichik bir huquqiy va mantiqiy chalkashlik bor. Ontario – Shimoliy Amerikaning beshta Buyuk ko‘lidan biri bo‘lib, uning maydonining 52 foizi Kanadada, qolgan 48 foizi esa AQSHning Nyu-York shtatida joylashgan. Trampning buyrug‘i faqat AQSH federal idoralari uchungina amal qiladi, ammo u xalqaro hamjamiyat yoki Ottava uchun gidronimni o‘zgartirish vakolatiga ega emas. Ontario nomi 400 yildan ortiq tarixga ega. Shu bois, Kanada bosh vaziri Mark Karni ijtimoiy tarmoqda Trampning yangi qarori bo‘yicha munosabat bildirdi.
“Biz Amerikaning o‘zgarayotganini ko‘rib turibmiz. Ularning savdo munosabatlari, tashqi siyosati, milliy yodgorliklari va gidronimlari o‘zgarmoqda. Kanadaliklar uchun bu ko‘l ilgari ham, hozir ham va har doim Ontario ko‘li bo‘lib qoladi”, dedi u.
Trampning bu kabi ramziy “bosimlari” shunchaki zerikkanidan aytilayotgan gap emas. Bu Vashington va Ottava o‘rtasidagi savdo muzokaralari barbod bo‘lganidan so‘ng boshlangan savdo urushining davomidir. Har ikkala tomon import-eksport tovarlariga 50 foizgacha boj joriy qildi. Shu bilan birga, Tramp Kanadani tez-tez “AQSHning 51-shtati”ga aylantirish haqida tahdid qilib kelmoqda.
Xo‘sh, so‘nggi yillarning eng shov-shuvli savdo nizolaridan biriga aylangan bu inqiroz qanday va nega boshlandi? Javob Vashingtonning tajovuzkor proteksionizm siyosatiga borib taqaladi. AQSH administratsiyasi shimoliy chegaralardan noqonuniy migratsiya va kontrabanda oqimi to‘xtamayotganini bahona qilib, Kanadadan kirib keluvchi import tovarlariga tarif bosimini o‘tkaza boshladi. Oylab davom etgan murakkab muzokaralar natijasiz tugab, Vashington talablari javobsiz qolgach, ikki o‘rtada har ikki tomon import-eksport tovarlariga 50 foizgacha boj joriy etish haqidagi qarorlar kuchga kirdi. Bu esa avtomobilsozlik, xomashyo va sanoat tarmog‘ini bir lahzada tang ahvolga solib qo‘ydi.
Biroq bu qarama-qarshilik shunchaki moliyaviy tariflar kurashi bo‘lib qolmadi, balki ochiqchasiga psixologik va siyosiy bosim tusini oldi. Donald Trampning Kanadani tez-tez “AQSHning 51-shtati”ga aylantirish haqidagi bayonotlari hamda ramziy tahdidlari shunchaki havoyi gap emasligi e’lon qilingan bojlar miqdorida o‘z tasdig‘ini topdi. Vashington Kanadaning AQSH iqtisodiyotiga 70 foizdan ortiq darajadagi strukturviy bog‘liqligidan foydalanib, Ottavaga o‘z shartlarini majburan o‘tkazishga urinmoqda. Trampning “AQSH tarkibiga kirilsa, barcha bojlar bekor bo‘ladi va harbiy xavfsizlik kafolatlanadi” mazmunidagi absurd ritorikasi hamda Ontario ko‘li nomini “Amerika ko‘li” deb o‘zgartirish haqidagi rasmiy tadbirlari diplomatiya tarixida kam uchraydigan bosim vositalariga aylandi.
Ushbu iqtisodiy urushning asoratlari esa har ikki tomondagi oddiy fuqarolar va biznes vakillari chekiga tushmoqda. Detroyt va Vindzor kabi chegaradosh hududlarda o‘n yillar davomida shakllangan yagona avtomobilsozlik zanjiri 50 foizlik bojlar sababli falaj holatga keldi. Tayyor mahsulot tannarxining keskin oshishi har ikkala mamlakatda inflyatsiya darajasini ko‘tarib, oziq-ovqat, energiya va maishiy texnika narxlarining qimmatlashishiga olib keldi.
Natijada Ottava Vashingtonni endilikda ishonchli iqtisodiy hamkor deb hisoblamaslik uchun yetarlicha asoslarga ega bo‘ldi. Kanada rasmiylari o‘z suverenitetini himoya qilishini va hech qanday sharoitda AQSH shtatiga aylanmasligini bildirib, tezkorlik bilan Yevropa Ittifoqi hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga kirishdi. Ko‘rinib turibdiki, Vashingtonning “51-shtat” ritorikasi va ramziy bosimlari Kanadani taslim etish o‘rniga, Shimoliy Amerikadagi ko‘p yillik strategik ittifoqchilik poydevorini darz ketkazmoqda.
Xo‘sh, xaritalarni qayta chizish bilan mashg‘ul bo‘lgan Vashington ichki muammolarni qanday hal qilmoqda? Saylovoldi kampaniyasida dunyoda tinchlik o‘rnatish va inflyatsiyani jilovlash va’dasi bilan kelgan Tramp bugun har ikkala yo‘nalishda boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. AQSH va Isroilik olti oy oldin Eron bilan harbiy to‘qnashuvga kirishdi. Kanada bilan savdo urushi va Eronga qarshi harakatlar sababli amerikaliklar uchun yashash narxi keskin oshib ketdi.
Maxfiy uchrashuv
AQSH ichida shunday ma’muriy va iqtisodiy bosimlar kuchaygan bir vaqtda, xalqaro maydonda kutilmagan maxfiy diplomatiya ham harakatga keldi. 25 avgust kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff e’lon qilinmagan va ochiqlanmagan tashrif bilan Moskvaga uchib keldi. Bu Amerika razvedkasi rahbarining so‘nggi besh yildagi Moskvaga ilk tashrifidir. Oq uy bu haqda rasmiy ma’lumot bermadi, biroq Flightradar24 ma’lumotlari Amerika harbiy samolyoti Moskvaning “Vnukovo” aeroportiga qo‘ngani va u yerda qariyb to‘qqiz soat bo‘lganini qayd etdi.
Ushbu tashrif sabablari borasida tahlilchilar orasida turli taxminlar ilgari surilmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tashrifni tasdiqlab: “Retkliff maxsus xizmatlar o‘rtasidagi aloqalar uchun tashrif buyurdi”, dedi. Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin esa amerikalik hamkasbi bilan “ochiq aytilmaydigan va nozik masalalar” muhokama qilinganini ta’kidladi. Trampning o‘zi esa barcha taxminlarni rad etdi.
“Turli xil mish-mishlar yuribdi – Putin NATOning qat’iyatini sinab ko‘rmoqchiligidan tortib, Angliyaga zarba bermoqchiligigacha. Biz ularga Eron sanksiyalariga jiddiy yondashayotganimiz haqida xabar bermoqchi bo‘lganimizni ham aytishmoqda. Bularning hech biri emas. Jon Retkliff – ajoyib inson. Biz Ukrainadagi urush tugashi uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiryapmiz”, dedi u.
Biroq, G‘arbning Financial Times va Wall Street Journal kabi yetakchi nashrlari voqeaga boshqacha baho bermoqda. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Rossiyaning NATOga a’zo mamlakatlardan biriga qarshi ehtimoliy safarbarlikka tayyorgarligi haqida signal olgan. AQSH Milliy razvedkasi direktorining sobiq o‘rinbosari Bet Sennerning fikricha esa “maqsad – biz nimani niyat qilganingizni bilamiz, yaxshisi bunday qilmang”, deb ogohlantirish bo‘lishi mumkin.
Boshqa bir mantiqiy versiyaga ko‘ra, Retkliff Moskvaga Eron masalasida kelgan bo‘lishi mumkin. AQSH hozirda Tehronga qarshi “Iqtisodiy yakkalash” operatsiyasini o‘tkazmoqda va Moskvadan Eron bilan savdo-sotiqni cheklashni so‘ragan bo‘lishi ehtimolga yaqin. Shuningdek, parda ortida mahbuslarni almashish bo‘yicha navbatdagi maxfiy muzokaralar ketayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Bu mavzuda alohida tahlil tayyorlaganmiz, uni ekranlaringizda paydo bo‘lgan sarlavha orqali qidirib topishingiz mumkin.
Rossiyaga qarshi birlashuv
Shvetsiya, Polsha, Niderlandiya va Ispaniya Yevropa komissiyasiga birgalikda murojaat qilib, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida foydalanishning yangi variantlarini ko‘rib chiqishni talab qildi. Bu haqda to‘rt mamlakat tashqi ishlar vazirlari 27 avgust kuni qo‘shma maktub yo‘llagan.
Hujjat mualliflari Yevropa komissiyasi texnik ekspertlariga YeI mamlakatlari bilan birgalikda muzlatilgan aktivlardan foydalanishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif qilmoqda. E’tiborli jihati, to‘rt davlat ushbu taklifda ehtimoliy moliyaviy va iqtisodiy xatarlar barcha a’zo davlatlar o‘rtasida teng taqsimlanishi kerakligini ta’kidlagan. Yevroittifoq ichida har kim o‘z manfaatini himoya qilishga urinayotgan bir paytda, biror mamlakat zimmasiga katta yuk tushmasligi talab etilayotgani diplomatiyada parda ortidagi xavotirlardan darak beradi.
Xo‘sh, nega bu masala yana kun tartibiga chiqdi? Javob oddiy: Ukrainaning moliyaviy ehtiyojlari keskin ortmoqda. Yevropa Ittifoqi tomonidan Kiyevga 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan 90 milliard yevro miqdoridagi kredit rejalashtirilgan bo‘lsa-da, maktub mualliflari bu mablag‘ yetarli bo‘lmasligini ochiq aytishmoqda. Moskva hujumlari davom etar ekan, urush xarajatlari ham o‘sib boraveradi. Shu sababli YeIning to‘rt a’zosi Rossiya aktivlaridan foydalanish orqali bir tomondan Moskvani moliyaviy javobgarlikka tortishni, ikkinchi tomondan esa yevropalik soliq to‘lovchilar zimmasidagi yukni yengillatishni ko‘zlamoqda.
Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ham ushbu tashabbusni ochiq qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, Rossiya Ukrainaga reparatsiya to‘lamagunicha bu mablag‘larni baribir qaytarib ololmaydi. Shu sababli aktivlarni urush tugashini kutib, keyin tiklash ishlariga sarflashdan ko‘ra, hozir Kiyevni himoya qilishga yo‘naltirish maqsadga muvofiqdir.
Biroq Bryusselning o‘zida bu masalaga munosabat ancha ehtiyotkorona. Yevropa komissiyasi vakili Balash Uyvari Bryusseldagi brifingda Rossiya aktivlari hisobiga “reparatsion kredit” ajratish masalasi 2025 yil dekabridagi YeI sammitidan keyin rasman kun tartibidan o‘chirilmaganini bildirdi. Biroq u amalda hech qanday siljish bo‘lmaganini ham yashirmadi.
“Ushbu variantni ilgari surish uchun yetarli qo‘llab-quvvatlash bo‘lmadi va mening bilishimcha, masala shu nuqtada to‘xtab qoldi”, deydi Balash Uyvari.
To‘rt davlat ushbu murakkab masalani 2 sentyabr kuni Irlandiyada Gimnich formatida o‘tkaziladigan YeI tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvida qayta muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Maktub YeI oliy vakili Kaya Kallas hamda YeI Kengashiga raislik qilayotgan Irlandiya tashqi ishlar vaziri Helen Makentiga yo‘llangan.
Yevropada Rossiya aktivlarini qanday taqsimlash ustida bosh qotirilayotgan bir paytda, Janubiy Kavkazda yillardan beri davom etib kelgan geosiyosiy do‘stlik rishtasi uzilyapti. Armaniston hukumatining yaqin besh yilga mo‘ljallangan yangi dasturida Rossiya bilan munosabatlar shaklini keskin o‘zgartirdi. Mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan 27 avgust kuni Yerevanda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Moskvani endi strategik hamkor deb hisoblamaslik uchun yetarlicha asoslar paydo bo‘lganini ochiq aytdi.
“Agar hozir “strategik hamkorlik” deb yozsak, siz nega Rossiya va KXSHT 2022 yilning sentyabrida xavfsizlik sohasidagi majburiyatlarini bajarmaganini so‘raysiz”, deydi Nikol Pashinyan.
Gap shundaki, Armaniston va Rossiya birgalikda a’zo bo‘lgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti ustavida juda aniq va rasmiy bir qoida – 4-modda bor. Unda “Agar a’zo davlatlardan biriga nisbatan tajovuz (harbiy hujum) amalga oshirilsa, bu KXSHTning barcha a’zo davlatlariga qilingan tajovuz deb baholanadi va boshqa mamlakatlar unga darhol kerakli yordamni, shu jumladan harbiy yordamni berishi shart” deyilgan. 2022 yilning sentyabrida Ozarbayjon bilan chegarada to‘qnashuvlar bo‘lganda, Yerevan bu holatni o‘z hududiga tajovuz deb baholadi va KXSHT ustavining 4-moddasini ishga tushirishni – ya’ni harbiy va siyosiy yordam berishni so‘radi.
Moskva va tashkilot a’zolari shartnomada belgilanganidek harbiy yoki aniq siyosiy yordam bermadi. “Biz chegara masalasida kim haqligini bilmaymiz, chunki delimitatsiya (chegarani ajratish) bo‘lmagan. Shuning uchun har ikkala tomonni bosiqlikka chaqiramiz”, deyish bilan cheklandi.
Pashinyan aynan shu haqida gapiryapti. “KXSHT va Rossiya shartnomada “sening xavfsizligingga xavf tug‘ilsa, seni himoya qilaman” deb so‘z bergan edi. Lekin boshimizga ish tushganda “biz aralashmaymiz” deb, o‘z so‘zida turmadi. Shuning uchun amalda ishlamayotgan, bizni himoya qilmagan va bergan so‘zini bajarmagan ittifoqni nega endi qog‘ozda “strategik hamkor” deb atashimiz kerak?” demoqchi u.
Uzoqlashish aslida anchadan beri kuzatilayotgan edi. Misol uchun Rossiyaga Armanistondan meva, sabzavot, ko‘katlar, gullar, mineral suv va so‘t-baliq mahsulotlari eksportiga cheklovlar ortidan yanvar–iyun oylarida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 20,9 foizga tushib, 3,33 milliard dollardan 2,63 milliard dollargacha qisqardi.
Yerevan eksport yo‘nalishlarini Yevroittifoq tomonga burdi. Birinchi yarim yillikda Armanistonning YeIga eksporti 80 foizga oshib, 516 million dollarga yetdi. Yevropa Ittifoqi esa bu burilishni qo‘llab-quvvatlab, eksportni qayta yo‘naltirish uchun Yerevanga 52 million yevro yordam ajratdi va arman tovarlarining 80 foizi uchun bojxona to‘lovlarini bekor qildi.
Ko‘rinib turibdiki, Rossiya o‘z ta’sir doirasidagi sobiq ittifoqchilarini iqtisodiy va harbiy tomondan yo‘qotib boryapti. Yaqin kelajakda xalqaro munosabatlar xaritasi butunlay o‘zgarib ketishi shubhasiz.
Isroilliklar isroillik ekanidan qo‘rqyapti
Xalqaro maydonda o‘zini “demokratiya va xavfsizlik oroli” deb ta’riflashga ko‘nikkan Isroil jamiyati bugun ancha murakkab va noqulay psixologik voqelikka ro‘para kelmoqda. Center for Jewish Impact tashkiloti tomonidan avgust oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari Yaqin Sharqdagi urushning global aks sadosi isroillik fuqarolarni xavotirga sola boshlaganini ko‘rsatdi.
So‘rovnoma xulosalariga ko‘ra, respondentlarning 52 foizi, ya’ni yarmidan ko‘prog‘i xorijga chiqqanda o‘z millati va fuqaroligini ochiq aytishdan hayiqadi. Yillar davomida dunyoning istalgan nuqtasida pasportini g‘urur bilan ko‘rsatishga odatlangan jamiyat uchun bu yetarlicha jiddiy va og‘riqli signaldir. Xalqaro maydonda antisemitik kayfiyatning avj olishi va Tel-Aviv siyosatiga nisbatan keskinlashgan dushmanlik sabab, so‘rovda qatnashganlarning 41 foizi o‘z xatti-harakatlarini majburan o‘zgartirgan. Ular yoki rejalashtirilgan safarlarni bekor qilmoqda, yoki xavfsizroq deb hisoblangan yo‘nalishlarni tanlab, ma’lum mashg‘ulotlardan o‘zini olib qochmoqda.
Ushbu ijtimoiy manzara fonida Isroilning xalqaro diplomatiyasi va Falastinga qarshi targ‘ibot apparati shunchaki tanqid ostida qolmay, balki ochiqchasiga sharmandalik sifatida baholanmoqda. Respondentlarning 64 foizi Vashington bilan munosabatlarni barqaror deb hisoblasa-da, atigi 23 foiz aholi mamlakat o‘z pozitsiyasini dunyoga samarali yetkazib bera olyapti degan fikrda. Umuman olganda, so‘rovda qatnashganlarning 70 foizi davlatning tashqi diplomatiyasini samarasiz deb topgan. Hukumatning yuz minglab dollarlik targ‘ibot loyihalari amalda xorijdagi oddiy fuqaro xavfsizligini ta’minlash tugul, elementar tushuntirish ishlarini ham uddalay olmayotgani ochiq ko‘rinib turibdi.
Center for Jewish Impact rahbari Robert Singer ushbu ko‘rsatkichlarga o‘z bahosini berdi.
“Aholining aksariyat qismi global sahnada Isroilik o‘zini qanday ko‘rsatayotganidan norozi ekani va yarimdan ko‘p fuqarolar xorijda o‘zligini oshkor qilishdan qo‘rqayotgani davlat uchun jiddiy qizil bayroq – ya’ni bong urilishi kerak bo‘lgan ogohlantirishdir”, dedi Robert Singer.
Shunga qaramay, Isroil jamoatchiligi mamlakatning boy berilgan obro‘sini butkul tiklab bo‘lmaydigan holat deb hisoblamaydi. Aholining 33 foizi vaziyatdan chiqish uchun avvalo diplomatiya va kommunikatsiya bo‘yicha uzoq muddatli milliy strategiya ishlab chiqishni taklif etayotgan bo‘lsa, 25 foizi hukumatning qaror qabul qilish mexanizmi va amaldagi siyosatini tubdan o‘zgartirish shart deb biladi. Atigi 14 foiz respondentgina xalqaro imijni tiklashning endi iloji yo‘q degan pessimistik qarashda.
Shuningdek, so‘rovda diaspora yahudiylari bilan aloqalar masalasi ham alohida o‘rin olgan. Aholining 70 foizi Isroil davlati xorijdagi yahudiy jamoalariga moliyaviy va resurs yordamini kuchaytirishi kerak degan fikrni qo‘llab-quvvatlagan. Ularning 26 foizi ushbu sarmoyalarni xorijlik yahudiylarni Isroilga ko‘chib o‘tishga rag‘batlantirishga yo‘naltirishni afzal ko‘rsa, 23 foizi xalqaro miqyosda yahudiy jamoalarining xavfsizligini ta’minlashni, 17 foizi esa fuqarolik jamiyati tashkilotlari orqali yordam ko‘rsatishni zarur deb hisoblaydi.
Isroil tashqi siyosati va xalqaro munosabatlariga nisbatan o‘z aholisida shunday fikrlarning paydo bo‘lishi harbiy ustunlik yoki siyosiy bayonotlar global jamoatchilik fikrini o‘zgartirishda har doim ham kutilgan natijani beravermasligini isbotladi deyishimiz mumkin.
To‘qima qahramonlardan voz keching
Markaziy Osiyo mintaqasida davlatchilik va milliy o‘zlikni anglash masalasi borgan sari dolzarb siyosiy hamda mafkuraviy kun tartibiga ko‘chmoqda. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning mamlakat ta’lim tizimi hamda tarixiy darsliklar xususida bildirgan so‘nggi munosabati nafaqat ichki auditoriya, balki mintaqaviy gumanitar siyosat kuzatuvchilari diqqat markazida bo‘ldi.
Mahalliy hamda OAV bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston rahbari ishonchsiz tarixiy ma’lumotlar va soxtalashtirilgan afsonalar bilan to‘ldirilgan o‘quv materiallarini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qat’iy topshiriq berdi. Davlat rahbari hukumat tomonidan o‘tkazilgan tahlillar natijasida maktab darsliklarida 700 dan ortiq qo‘pol xatolik va noaniqliklar aniqlanganini bildirib o‘tgan.
“Bolalarga qandaydir o‘ydirma qahramonlar va ularning aslida bo‘lmagan jasoratlari haqida afsonalar so‘zlab berilmoqda. Bolalarni yolg‘on, soxtalashtirilgan ma’lumotlarni tarqatish orqali vatanparvarlik ruhida tarbiyalash xalqimizning ma’naviy o‘zagiga putur yetkazishi muqarrar”, dedi Qosim-Jomart To‘qayev.
Siyosiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, To‘qayevning bu bayonoti yillar davomida milliy ideologiyani shakllantirish bahonasida o‘ylab topilgan to‘qima mifologiya hamda arzon populizmga berilgan jiddiy zarbadir. Xo‘sh, prezident nazarda tutgan darsliklardagi soxta qahramonlar va o‘ydirma syujetlar ortida aynan qanday tarixiy konstruksiyalar yashiringan?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ta’lim tizimidagi bu kabi nuqsonlar asosan bir nechta yo‘nalishda ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, bu sovet ideologiyasidan meros bo‘lib o‘tgan hamda uzoq yillar darsliklarda mutlaq haqiqat sifatida o‘qitib kelingan “28 panfilovchi qahramon” afsonasidir.
1941 yilda Moskva yaqinidagi janglarda general Ivan Panfilov diviziyasining asosiy qismi Olmaotalik bo‘lgan 28 nafar jangchisi tanklar hujumini to‘xtatib, barchasi qahramonlarcha halok bo‘lgani aytiladi. Ammo bu hikoya keyinchalik Rossiya Davlat arxivida ochiqlangan hujjatlar va harbiy prokuratura surishtiruvlariga ko‘ra, shunchaki “Krasnaya zvezda” gazetasi muxbirlari tomonidan o‘ylab topilgan jurnalistik to‘qima bo‘lib chiqqan edi.
Ikkinchidan, mustaqillik yillarida XVIII–XIX asrlardagi jung‘orlar va boshqa bosqinchilarga qarshi kurashgan botirlar hamda biylar hayotini haddan tashqari mifologizatsiya qilish jarayoni avj oldi. Arxiv hujjatlarida yoki xolis yozma manbalarda nomi deyarli uchramaydigan, faqat og‘zaki xalq dostonlarida yoki ayrim urug‘ shajarasida tilga olingan mahalliy arboblar darsliklarda butun bir xalqni qutqargan “buyuk sarkarda” darajasiga ko‘tarildi. Kichik bir hududiy to‘qnashuvlar esa sun’iy ravishda yuz ming kishilik taqdirni hal qiluvchi buyuk janglar sifatida talqin etildi.
Uchinchidan, Qozog‘iston ilmiy jamiyatida “ruvchilik” deb ataluvchi urug‘chilik illati sabab, har bir mahalliy elita o‘zining “shaxsiy qahramoni”ni o‘ylab topish va uni milliy darajaga olib chiqish amaliyotini avj oldirdi. Manbalarda tasdiqlanmagan, lekin mahalliy yozuvchi hamda tadqiqotchilar tomonidan targ‘ib qilingan shaxslarga haykallar o‘rnatilib, ularning to‘qima jasoratlari o‘quv dasturlariga singdirildi. Shuningdek, ilmiy va arxeologik asoslarsiz ayrim shaharlar tarixini bir lahzada “ming yillik” deb e’lon qilish holatlari ham uchrab turdi.
Haqiqiy va ob’ektiv xalq tarixini mifologik ertaklar bilan almashtirish yosh avlodning real voqelikka va o‘z o‘tmishiga tanqidiy baho berish salohiyatini yo‘qqa chiqaradi. To‘qayev vatanparvarlik tarbiyasi faqat va faqat xolis hamda tasdiqlangan tarixiy faktlarga asoslanishi lozimligini, yoshlar o‘z o‘tmishini qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilib, kelajakka ishonch bilan qarashi shartligini ta’kidladi.
Davlat rahbari o‘z nutqida nafaqat darsliklardagi qalbaki qahramonlar, balki milliy adabiyot va badiiy tafakkurdagi surunkali pessimizm hamda tushkunlikni ham keskin tanqid qildi. U qozoqlarni “hamisha motam tutuvchi va yig‘loqi millat” sifatida tasvirlash amaliyotidan voz kechishga chaqirdi. Prezident adabiyotda juda keng tarqalgan, qayg‘u, alam va sog‘inch ma’nolarini anglatuvchi mұң (muң) so‘zini misol tariqasida keltirib o‘tdi.
“Ba’zi adiblarimiz mұң so‘zini sevib qolishgan: jүregіmde mұң, kөzіmde mұң! Qayg‘u – yoshlarimiz uchun yomon hamroh. Buni sizga aniq aytaman. Biz kuchli va bunyodkor millat bo‘lishimiz lozim. Yoshlarga befarqlik va tushkunlik begona bo‘lishi kerak”, deydi Toqayev.
To‘qayevning ushbu chaqiriqlari zamonaviy jamiyat va millat psixologisini transformatsiya qilishga qaratilgan. Asrlar davomidagi fojialar yoki mustamlaka davri alamlarini takroriy ravishda badiiy asarlar orqali targ‘ib etish yoshlarda boqimandalik hamda ojizlik kompleksini shakllantirishi mumkin. Aksincha, Qozog‘iston rahbari ta’biri bilan aytganda, yangi avlod “yechib bo‘lmaydigan vazifaning o‘zi yo‘q, har qanday qiyinchilikni yengish mumkin” degan g‘oya va pragmatik ishonch bilan tarbiyalanishi shart.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Ostona taklif etayotgan ushbu yondashuv mintaqa davlatlari uchun ham muhim namuna hisoblanadi. Tarixni afsona va soxtalashtirilgan qahramonliklar bilan emotsional bezash emas, balki ob’ektiv faktlar asosida zamonaviy, pragmatik va kelajakka yo‘naltirilgan ma’naviy poydevor qurish davr talabidir.
Live
Barchasi