To‘qqiz yoshli bola jahon rekordini o‘rnatdi
Olam
−
08:45 3802 2 daqiqa
9 yoshli Teodor Zayder Gdansk Speedcubing League musobaqasida kubik-rubikni 2,766 soniyada yig‘ib, yangi rekord egasiga aylandi. Bu haqda “Euro News” xabar berdi.
U avvalgi rekordni yangiladi. Oldingi natija Xitoy vakili Syuani Genga tegishli bo‘lib, u Shenyang Spring 2025 musobaqasida kubikni 3,05 soniyada yig‘gan edi.
Yosh polyak sportchi bir vaqtning o‘zida milliy rekordni ham o‘rnatgan. U Flatåsen Open 2024 musobaqasida kubikni 3,66 soniyada yig‘gan Timon Kolasinski natijasini ortda qoldirgan.
Kubik-rubikni tezlik bilan yig‘ish sport turi “spidkubing” deb ataladi. Bu yo‘nalishda professional shug‘ullanishni istaganlar Butunjahon Kubik Assotsiatsiyasi (WCA) tarkibiga kiradi. Ushbu tashkilot xalqaro sport uyushmalari kabi faoliyat yuritadi.
WCA ishtirokchilar uchun qoidalar va tartiblarni belgilaydi, milliy assotsiatsiyalar ko‘magida musobaqalar va chempionatlar tashkil etadi. Polshada ham Spidkubing bo‘yicha Polsha Assotsiatsiyasi faoliyat yuritadi.
Ma’lumot uchun, kubik-rubik o‘z nomini ixtirochisidan olgan. Ushbu boshqotirma o‘yinchoq 1974 yilda vengriyalik ixtirochi, arxitektor va haykaltarosh Ernyo Rubik tomonidan yaratilgan.
Boshqotirma tez orada keng ommalashdi va u yaratuvchisining nomi bilan ataladigan bo‘ldi. Polshada bu o‘yinchoq “kubik-rubik” deb ataladi, ixtirochining vatani Vengriyada esa u “sehrli kub” deb nomlanadi.
Kubik-rubikning yaratuvchisi hozirgacha Vengriyada yashaydi, biroq o‘z ixtirosi muxlislari hayotida unchalik faol ishtirok etmaydi.
Ernyo Rubik kubikni birinchi bo‘lib yechgan inson ham hisoblanadi. Buning uchun unga bir oy vaqt kerak bo‘lgan.