To‘qayevga yaqin partiya yetakchisi Qurultoy raisi bo‘ldi
Olam
−
16:14 662 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Adolat” partiyasi rahbari Oybek Dadaboy nomzodini yangi tuzilgan Qurultoy raisi lavozimiga taklif qildi va deputatlar uni yashirin ovoz berishda bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi.
To‘qayevning aytishicha, yangi Konstitutsiyaga muvofiq hokimiyat institutlari o‘z faoliyatini boshlashi uchun qator tashkiliy va protsedura masalalarini hal qilish zarur. Jumladan, avvalo Qurultoy rahbariyatini saylash va uning tuzilmasini shakllantirish kerak.
Prezident Konstitutsiyaning 57-moddasiga muvofiq Qurultoy raisi lavozimiga nomzodni davlat rahbari ilgari surishini ta’kidlagan.
“Men Dadaboy Oybek Arkaboy o‘g‘li nomzodini ushbu mas’uliyatli lavozimga taklif qilaman”, degan Qosim-Jomart To‘qayev.
Davlat rahbari Oybek Dadaboy amalda bilimli, vatanparvar va mas’uliyatli fuqaro ekanini isbotlaganini aytib, Qurultoy deputatlaridan uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.
Shundan so‘ng, deputatlar o‘rtasida yashirin ovoz berish o‘tkazilgan. Unda Qurultoy deputatlari Oybek Dadaboy nomzodini bir ovozdan ma’qullagan va u Qozog‘istonning yangi bir palatali parlamenti – Qurultoy spikeri etib saylangan.
Ma’lumot uchun, Oybek Dadaboy 1980 yil 1 aprel kuni Olmaota shahrida tug‘ilgan. U Ablayxon nomidagi Qozoq xalqaro munosabatlar va jahon tillari universitetini tamomlagan, shuningdek, mintaqashunoslik bo‘yicha magistr darajasiga ega.
Mehnat faoliyatini 2001 yilda diplomatik sohada attashe va uchinchi kotib lavozimlaridan boshlagan. Keyinchalik Qozog‘istonning BMTdagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan va turli davlat idoralarida faoliyat yuritgan. U 2022-2024 yillarda Qozog‘iston Prezidenti ishlari boshqaruvchisi, 2024-2026 yillarda esa Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimida ishlagan. Oybek Dadaboy 2026 yil 7 may kuni “Adolat” partiyasi rahbari etib saylangan edi. U Qurultoy spikeri lavozimiga saylanishidan oldin ham mazkur partiyaga rahbarlik qilib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 avgust kuni Qozog‘istonda yangidan tashkil etilgan bir palatali Qurultoy deputatlari saylovi bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi