To‘qayevga suiqasd qilishmoqchimidi? Prezident marshruti bo‘ylab qurol-yarog‘ ombori topildi
Olam
−
28 Sentabr
13506Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kortejining Turkiston viloyatidagi yo‘nalishini tekshirish chog‘ida Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘qotar qurollar ombori topildi. Bu haqda kecha, 27 sentyabr kuni mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qo‘shimcha ma’lumotlar tergov manfaati uchun oshkor etilmagan.
To‘qayev kecha, 27 sentyabr kuni Turkiston viloyatiga xizmat safari bilan bordi. Prezident viloyatga safarini Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Shuningdek, u ta’lim, madaniyat, sport inshootlari va sanoat korxonalariga tashrif buyurishi, investitsiya loyihalari bilan tanishishi rejalashtirilgan.
Prezident To‘qayev kortejida kim bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan. Biroq Oqo‘rdaning davlat rahbarining tashrifi haqidagi videosiga qaraganda, u bilan Turkiston viloyatida Bosh vazir o‘rinbosarlari Tamara Duysenova, Roman Sklyar, Prezident Adminstratsiyasi xodimlari va bir qator vazirlar bo‘lgan.
Ayrim mahalliy nashrlarning yozishicha, topilgan arsenalda teleskopik ko‘rishga ega miltiq, karabin va o‘q-dorilar zaxirasi mavjud bo‘lgan. Qurollar yanvar voqealariga aloqador ekani aniqlangan.
Asosiy versiyalardan biri shundaki, bu qurol Prezident kortejiga suiqasd uyushtirish uchun tayyorlangan. Manbalarga ko‘ra, hozirda gumonlanuvchilar doirasini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning korteji avtohalokatga uchragandi, oqibatda xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgandi. Turkiya janubi-sharqidagi Shirnak viloyatida sodir bo‘lgan avtohalokatda bir politsiyachi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafari politsiyachi.
Iyun oyida esa Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Germaniyaga futbol bo‘yicha 2024 yilgi Yevropa chempionatini tomosha qilish uchun borganida uning korteji ham avtohalokat sodir etgandi. Oqibatda ikki davlat xizmatchisi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan, 61 yoshli germaniyalik politsiyachi vafot etgandi.
Shuningdek, Meksika Prezidenti korteji halokatga uchrab, buning oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Prezident ma’muriyati ham, tegishli idoralar ham halokat nimadan kelib chiqqani haqida ma’lumot bermagan. Prezident xavfsizlik xizmati davlat rahbariga ehtimoliy suiqasd yuzasidan xodimlarni tekshirishini bildirgan.
LiveBarchasi