To‘qayev Yevropaga Rossiya nefti o‘rniga o‘zinikini taklif qildi
Olam
−
05 iyul 2022
15778Qozog‘iston jahon va Yevropa bozorlaridagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun o‘zining uglevodorod salohiyatidan foydalanishga tayyor. Bu haqda kecha, 4 iyul kuni mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan bo‘lgan telefon muloqoti chog‘ida ma’lum qildi.
“Prezident Yevropa Ittifoqini muqobil transkontinental yo‘laklarni, jumladan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishda hamkorlik qilishga chaqirdi. Qosim-Jomart To‘qayev, shuningdek, dunyodagi energiya xavfsizligiga tahdidlardan xavotir bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston jahon va Yevropa bozorlaridagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun o‘zining uglevodorod salohiyatidan foydalanishga tayyor”, deya To‘qayevning so‘zlarini keltirdi Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Qosim-Jomart To‘qayev xalqaro vaziyatni yaxshilash, eng dolzarb masalalar bo‘yicha maxfiy muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidlagan.
“Qozog‘iston Sharq va G‘arb, Janub va Shimol o‘rtasida o‘ziga xos “bufer bozor” rolini o‘ynab, o‘z hissasini qo‘shishi mumkin”, degan davlat rahbari.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston kuniga 1,7 million barrelga yaqin neft qazib oladi. Uning katta qismi eksport qilinadi. Mamlakat Ukrainadagi urushdan oldin ham Italiya, Niderlandiya va Fransiya davlatlariga neft sotgan.
LiveBarchasi