To‘qayev Yaponiyada. Imperator uni mehmon qildi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 17 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Yaponiyaga yetib bordi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

Tokio shahridagi Xaneda xalqaro aeroportida Qozog‘iston Prezidentni Yaponiya Tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Ayano Kunimitsu kutib oldi.

Bugun, 18 dekabr kuni To‘qayev Imperator saroyiga bordi. Prezidentni Imperator Naruxito kutib oldi. To‘qayevning Yaponiyaga ilk rasmiy tashrifi Imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshlandi. Davlat rahbari ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, kunchiqar mamlakat ko‘p yillar davomida o‘z intizomi va matonati bilan Qozog‘iston xalqini ilhomlantirib kelmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘zaro hurmat va turli sohalardagi samarali hamkorlikka asoslangan azaliy do‘stona munosabatlar bilan bog‘langan.

O‘z navbatida, Imperator Naruxito Qosim-Jomart To‘qayevning tashrifi Yaponiya va Qozog‘iston munosabatlari solnomasida muhim voqea bo‘lishiga, shuningdek, ularni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi. To‘qayev va Imperator Naruxito ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Qosim-Jomart To‘qayev sharafiga Imperator Naruxito nomidan rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi. Uchrashuv yakunida Prezident Qosim-Jomart To‘qayev va Imperator Naruxito iliq xayrlashdi.

Qozog‘iston Prezidenti Yaponiyaga rasmiy tashrifi dasturining davomi sifatida Tokiodagi eng yirik sinto ibodatxonasi – Meyji Jinguga ham bordi. 1920 yilda barpo etilgan kompleks imperator ibodatxonasi maqomiga ega. Uning hududida taxminan 120 ming daraxt va butalarga ega go‘zal bog‘ joylashgan.

Ibodatxona Meyji imperatoriga bag‘ishlangan bo‘lib, uning hukmronligi davrida amalga oshirilgan chuqur siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Yaponiyani dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlardan biriga aylantirgan.

Tadbir yakunlanishiga qadar Prezident Qosim-Jomart To‘qayev mehmonlar kitobiga yozuv qoldirdi.

“Meyji Jingu ibodatxonasi — mustahkam birlik va milliy o‘zligining ramzi, yapon xalq uchun chuqur tarixiy ahamiyatga ega. Kuyosh chiqadigan mamlakatga farovonlik tilayman!” deb yozdi davlat rahbari.

To‘qayev Yaponiyada turli sohalarda ta’lim olayotgan yoki ishlayotgan Qozog‘iston fuqarolari bilan ham uchrashdi. Uchrashuv davomida davlat rahbari rivojlangan mamlakatlar, jumladan, Yaponiya tajribasini o‘rganishning ahamiyatini ta’kidladi.

“Ishonch bilan aytamanki, ushbu tashrif mamlakatlarimiz munosabatlariga yangi ilhom bag‘ishlaydi. Yapon tomoni ham bu tashrifga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Bugun men Bosh vazir bilan uchrashuv o‘tkazaman. Albatta, hamkorligimiz katta istiqbolga ega bo‘ladi. Qozog‘iston yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Joriy yilda iqtisodiy o‘sishimiz 6 foizdan oshdi, bu juda yaxshi natija. Lekin bu bilan to‘xtamasligimiz kerak. Oldimizda inflyatsiyani pasaytirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish vazifalari turibdi. Qozog‘iston kelajakda raqamli davlatga aylanishi kerak. Oldimizda katta maqsadlar bor”, dedi Qosim-Jomart To‘qayev.

Ma’lumot uchun, shu kunlarda Tokioda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Sammit yakunlari bo‘yicha Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Sammit dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.

Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Yaponiya Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing