To‘qayev Toshkentda. U yangi aeroportga qo‘ngan ilk xorijiy yetakchi bo‘ldi 

Jamiyat

image

Bugun, 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. To‘qayev yangi “Toshkent Sharqiy” aeroportiga qo‘ngan ilk xorijiy davlat yetakchisi bo‘ldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Kun tartibidagi asosiy mavzu – savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, madaniy-gumanitar loyihalar kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish.

Mintaqaviy va global siyosatning dolzarb masalalari, ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi. Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va qator qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

16 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 11-12 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Moskvada bo‘lgandi. Rossiya va Qozog‘iston Prezidentlari Vladimir Putin hamda Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish haqidagi deklaratsiyani imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing