To‘qayev Tashqi razvedka va Aksilterror xizmatlari rahbarlarini ishdan bo‘shatdi
Olam
−
16 Sentabr
3927Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Tashqi razvedka xizmati direktori Asqar Baymerdenovich Amerxanov va Aksilterror xizmati rahbari Ruslan Temirgaliyevich Seysembayevni ishdan oldi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
“Seysembayev Ruslan Temirgaliyevich Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari hamda Antiterror xizmati boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Amerxanov Asqar Baymerdenovich Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – Tashqi razvedka xizmati direktori lavozimidan ozod qilindi”, deyiladi xabarda.
Kadrlarni ishdan bo‘shatish bo‘yicha qarorlar sababi ko‘rsatilmagan.
Qayd etilishicha, Amerxanov va Seysembayev o‘z lavozimlarida 2023 yil aprelidan beri faoliyat yuritib kelgan.
Ma’lumot uchun, avgust oyi oxirida Qozog‘iston rahbari Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, unda hozirgi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilgan. To‘qayev xavfsizlik kuchlariga mamlakat fuqarolari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Ermek Marjikpayevni Turizm va sport vaziri lavozimidan ozod qilgan edi.
LiveBarchasi