To‘qayev sobiq Prezident Nazarboyev nomzodini yangi lavozimga taklif qildi
Olam
−
12 Oktabr 2021 12828 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevni Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashi Donishmandlar kengashi rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatishni taklif qildi. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Akan Rahmetullin ma’lum qildi.
Bugun, 12 oktyabr kuni Nur-Sultonda Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
“Bugun biz Donishmandlar kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaymiz. Bugun ertalab biz bilan bo‘lgan uchrashuvda Prezident To‘qayev Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashi asoschisi janob Nazarboyevni Donishmandlar kengashi rahbarligiga taklif qildi. Umid qilamanki, siz bu nomzodni ma’qullaysiz”, degan Rahmetullin uchrashuvda.
Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashi mintaqaviy muammolarni muhokama qilish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun umumiy Osiyo muloqot platformasi.
Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashi forumi 1992 yilda Qozog‘iston tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida muloqot qilish, qarorlar qabul qilish va chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan. Mintaqaning 27 davlati uning a’zosi hisoblanadi. Sakkiz mamlakat va beshta xalqaro tashkilot kuzatuvchi sifatida qatnashadi. 2014 yildan boshlab, Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashi bosh qarorgohi Qozog‘iston poytaxtida joylashgan.
Avvalroq, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga taklif qilgandi.
Nazarboyev 1989 yildan boshlab davlat boshiga keldi. 2019 yilning mart oyida o‘z xohishi bilan Prezidentlikni Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayevga toshirdi. Shundan buyon u mamlakat Elboshisi sifatida Xavfsizlik kengashiga raislik qilib kelmoqda.
Live
Barchasi