To‘qayev Putinga maktub yo‘llab, vaksinaga xaridor bo‘lishini aytdi
Olam
−
12 avgust 2020
9379Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga telegramma yubordi. Unda Qozog‘iston rahbari Putinni Rossiyada koronavirusga qarshi ilk vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgani bilan tabriklagan.
“Ushbu voqelik Rossiyaning ushbu global tahdidga qarshi yetakchi rolini va Rossiya ilm-fanining salohiyati va nufuzini o‘zida ifoda etadi. Sizga ushbu davrda Qozog‘istonni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlayotganingiz, shu qatorda mamlakatimizdagi sanitariya-epidemiologiya holatini yaxshilashga salmoqli hissa qo‘shgan insonparvarlik yordami va shifokorlarni yo‘naltirganingiz uchun minnatdorlik bildiraman”, deb yozadi Qozog‘iston rahbari.
Prezident To‘qayev Qozog‘iston va Rossiyaning ushbu yo‘nalishdagi hamkorligini yuqori baholaydi.
“Avgust oyining ikkinchi yarmida Hukumat delegatsiyasi Rossiya vaksinalarini sotib olish masalasini muhokama qilish uchun Moskvaga boradi”, deb maktubiga yakun yasaydi To‘qayev.
Kecha, 11 avgust kuni Rossiya koronavirusga qarshi ilk vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Rossiyadagi koronavirusga qarshi ilk vaksina “Sputnik V” deb nomlangan. Vaksinaga navbatda turgan davlatlar qatorida Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlari bor. Rossiyaga 20 davlatdan koronavirus vaksinasiga 1 mlrd doza uchun buyurtma tushgan.
Eslatib o‘tamiz, biroz avval Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Bog‘dod Qodjaxmetov klinik sinovlarning barcha bosqichlari yakunlanmaguncha Qozog‘iston COVID-19 vaksinalarini sotib olmasligini aytib chiqqandi.