To‘qayev Nazarboyevning Olma-otadagi saroyini buzishni buyurdi
Olam
−
02 mart 2022
11613Qozog‘istonning Olma-ota shahridagi Prezident qarorgohi buziladi. Davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev shunday qaror qabul qildi, deb xabar berdi uning Matbuot kotibi Berik Uali.
“Prezident Qosim-Jomart To‘qayev qaroriga ko‘ra, yanvar voqealari paytida banditlar va terrorchilar tomonidan vayron qilingan hamda yoqib yuborilgan Olma-ota shahridagi rasmiy qarorgoh buzib tashlanadi. Uning o‘rnida shaharliklar uchun maydon quriladi”, deb yozgan Uali ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Qarorgoh Sovet davrida Lenin muzeyi majmuasi sifatida qurila boshlangan. Keyin maqsad o‘zgargan — SSSR parchalanganidan keyin bino Qozog‘iston Prezidentining qarorgohi sifatida qurilishi davom ettirilgan. U 1995 yilda foydalanishga topshirilgan.
2022 yil yanvaridagi tartibsizliklar chog‘ida qarorgoh hamda Olma-ota shahar hokimligi binosi yong‘indan jiddiy zarar ko‘rgan.
Joriy yilning yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab KXSHTga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqealar natijasida 225 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.