To‘qayev Moskvadagi G‘alaba paradiga boradi. Uning yana bir mavqedoshi marosimda qatnashishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
08 may 2023
13957Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev amaliy tashrif bilan Rossiyaga boradi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Ruslan Jeldibay o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
“Davlat rahbari 8-9 may kunlari Rossiyaga amaliy tashrif bilan boradi. Tver viloyatida prezident Rjev yodgorligini ziyorat qiladi va qozog‘istonlik 100 va 101-o‘qchi diviziyalarning birida halok bo‘lgan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltiradi”, deydi u.
To‘qayev shuningdek, amakisi Qosim Boltayev dafn etilgan Trubino qishlog‘idagi ommaviy qabrni ham ziyorat etishi ma’lum qilindi. Rjev jangida Qozog‘istondan chaqirilgan 22 mingga yaqin askar va ofitser qatnashgan.
“9 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Qosim-Jomart To‘qayev Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan paradda ishtirok etadi. Rossiya tomoni tantanali tadbirga MDH davlatlarining rahbarlarini taklif qildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Armaniston vazirlar mahkamasining xabar berishicha, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun, 8 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskvaga boradi. Pashinyan G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytgacha Rossiyada G‘alaba kunida Putin bilan paradni tomosha qilish uchun Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Moskvaga yetib borgan. Shuningdek, Rossiya Prezidenti G‘alaba paradini birgalikda nishonlash uchun Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedovga taklif bildirgandi.
Shuningdek, Putin 9 may arafasida Moldova va Gruziyaning davlat rahbarlaridan tashqari barcha MDH davlat yetakchilarini tabriklagani haqida xabar qilindi
LiveBarchasi