To‘qayev metapnevmovirus bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev metapnevmovirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, jamoatchilikni havotirlanmaslikka va Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 6 yanvar kuni Ostonadagi Yevroosiyo milliy universitetining talabalar uyiga tashrifi chog‘ida so‘z ochdi.  

“Hozir barcha yangi infeksiya haqida gapirmoqda. Havotirga o‘rin yo‘q. Xitoy bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish kerak”, dedi davlat rahbari.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab mamlakatda metapnevmovirusning 30 holati aniqlangan. Ularning 2 nafari 14 yoshdan kichik bolalar. Ushbu virus mamlakatda boshqa keskin nafas olish yo‘llari infeksiyalari bilan bir qatorda tarqalmoqda. Virus asosan havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Kasallikning asosiy belgilari: yo‘tal, burun oqishi, nafas qisishi, isitma, bosh og‘rig‘i. Virusning maxsus davosi mavjud emas, faqat simptomatik davolash qo‘llaniladi. 

Ma’lumot uchun, oldinroq Xitoy shifokorlari mamlakatda nafas olish yo‘llari kasalliklarining mavsumiy o‘sishini qayd etgan. Xitoy Gigiyena va sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy qo‘zg‘atuvchilar gripp virusi va inson metapnevmovirusi hisoblanadi. Pekin bolalar shifoxonasi bosh shifokori Van Syuan gripp va metapnevmovirus bilan kasallanish darajasi o‘sib borayotganini, ayniqsa, bolalar o‘rtasida kasallanish ko‘payganini tasdiqlagan. Bu o‘sish 2024 yil dekabr oyi o‘rtalarida qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ham mazkur virus bo‘yicha rasmiy ma’lumot bergan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ham ayni vaqtda o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Respublikada ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinmoqda va ana shunday tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan. 

Shuningdek, 2024 yil oxirida Qirg‘izistonda ham metapnevmovirus infeksiyasi bilan kasallanishning ikki holati qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev metapnevmovirus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing