To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlarini suv muammosini birgalikda hal qilishga chaqirdi
Olam
−
08 iyun 2023
6768Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Olmaota shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun loyiha ofisini tashkil etish hamda 2026 yilda Qozog‘istonda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar shafeligida mintaqaviy iqlim sammitini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 8 iyun kuni Ostona xalqaro forumida so‘z ochdi.
“Mintaqamizning ikkita yirik daryosi – Sirdaryo va Amudaryodagi suv sathi 2050 yilga borib qariyb 15 foizga kamayadi. Mintaqada ekologik halokatning oldini olish maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqiramiz. Suv muammosi va iqlim o‘zgarishi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Markaziy Osiyo esa suv xavfsizligiga faqat yaqin hamkorlik va samarali tanlangan qo‘shma chora-tadbirlar orqali erishish mumkin bo‘lgan mintaqadir”, degan Prezident To‘qayev.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilik va suv toshqinlari yiliga yalpi ichki mahsulotning 1,3 foizi miqdorida zarar yetkazadi, ekinlar hosildorligi 30 foizga pasayadi, bu esa 2050 yilga borib 5 million ichki iqlim muhojirining paydo bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, u mintaqadagi muzliklar yuzasi allaqachon 30 foizga qisqarganini eslatgan.
Shunga qaramasdan, To‘qayev Qozog‘iston ulkan yashil iqtisodiyot imkoniyatlarini taqdim etishi va qayta tiklanadigan energiya markaziga aylanishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Biroq vaqt biz tomonda emas. Karbonsizlantirish va yashil iqtisodiyotni kerakli tezlikda qurish uchun bizga resurslar va hamkorlik kerak. Global iqlim bizning o‘zaro bog‘liqligimiz va umumiy taqdirimizning eng yorqin namunasidir. Xohlaymizmi yoki yo‘qmi, biz bir-birimiz bilan bog‘langanmiz. Bu haqiqatni hisobga oladigan bo‘lsak, birgalikda ishlashni uddalaganlar muvaffaqiyatga erishadi, eplay olmaganlar esa barbod bo‘ladi”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.
Qozog‘iston rahbari BMTning ko‘p tomonlama yondashuv asosidagi tamoyil va qadriyatlari bu muammoni hal etishning eng samarali yo‘li emas, balki yagona chora ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi