To‘qayev Xitoyda Si Szinpin bilan uchrashdi
Olam
−
30 avgust 3537 4 daqiqa
Bugun, 30 avgust kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar Qozog‘iston-Xitoy munosabatlarini muhokama qilgan. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Qosim-Jomart To‘qayev Tyanszin shahrida ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik uchun Si Szinpinga minnatdorlik bildirgan. U Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etish taklifini mamnuniyat bilan qabul qilganini ta’kidlagan.
“Qozog‘iston mamlakatingizning Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi raisligini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va uning keng kun tartibini ilgari surishda faol ishtirok etadi. Sizni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi va Xitoyning yapon militarizmi ustidan qozongan g‘alabasining 80 yilligi bilan tabriklamoqchiman. Barcha Xitoy xalqining fashizm ustidan g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi, mislsiz jasorati, chin vatanparvarligi va bukilmas irodasi, albatta, chuqur hurmat va umumiy e’tirofga loyiqdir”, deydi To‘qayev.
Qozog‘iston Prezidentining aytishicha, Si Szinpinning faol qo‘llab-quvvatlashi tufayli abadiy har tomonlama strategik sheriklik darajasidagi Qozog‘iston-Xitoy munosabatlari misli ko‘rilmagan darajada rivojlanmoqda. O‘tgan yili ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 44 milliard dollarga yetgan.
“Ijobiy dinamika joriy yilda ham saqlanib qolmoqda. Xitoy Qozog‘istonning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. Yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda. Tashrif doirasida Qozog‘iston-Xitoy biznes kengashi yig‘ilishida ishtirok etishni va Xitoyning bir qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashishni rejalashtiryapman. Shuningdek, 2025 yil Qozog‘istonda Xitoy turizmi yili sifatida o‘tayotgani quvonarlidir. Madaniy-gumanitar aloqalar uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Yorqin misollardan biri – Qozog‘istonda ikkinchi va uchinchi Luban ustaxonalari ochilishi. Pekinda Qozog‘iston madaniyat markazini ochish qaroringiz uchun sizga katta minnatdorlik bildiraman”, deya qo‘shimcha qilgan To‘qayev.
XXR Raisi Si Szinpin esa minnatdorlik bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin Qozog‘iston-Xitoy abadiy har tomonlama sherikligini yanada chuqurlashtirishga katta ahamiyat beradi.
“Ikki oy ichida bu bizning ikkinchi uchrashuvimiz bo‘lib, Xitoy-Qozog‘iston munosabatlarining yuqori darajasi va o‘ziga xosligini to‘liq namoyon etadi. Sizning raisligingizda “Xitoy-Markaziy Osiyo” ikkinchi sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Biz Xitoy-Markaziy Osiyo hamkorligining ruhini belgilab bergan va yangi bob ochgan muhim hujjatlarni imzoladik. Shuningdek, Xitoy-Qozog‘iston munosabatlarida yangi strategik kelishuvlarga erishib, ikki tomonlama aloqalarga kuchli turtki berdik.
Xitoy va Qozog‘istonni xalqaro vaziyat qanday o‘zgarmasin, o‘zaro tushunish va ishonchga asoslangan strategik sheriklik bog‘laydi. Har ikkala mamlakat do‘stlik va qo‘shnichilik, ochiqlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik, shuningdek, yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish tamoyillariga sodiq qolmoqda. Biz asosiy manfaatlarimiz va muhim masalalarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, har tomonlama hamkorlikni doimiy mustahkamlash va kengaytirishga tayyormiz”, deydi Si Szinpin.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash yo‘llari muhokama qilingan. Transport va logistika, energetika, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish muhimligi alohida ta’kidlangan.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 30 avgust kuni Qosim-Jomart To‘qayev Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Tyanszinga tashrif buyurdi. Dastur joriy yilning 30 avgustidan 3 sentyabrigacha rejalashtirilgan.
Qayd etish jliz, joriy yilning 16 iyun kuni Si Szinpin Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan Ostona shahriga tashrif buyurgan edi. O‘shanda tomonlar muzokara o‘tkazgan, To‘qayev Si Szinpinni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, tashrifning ramziy ahamiyatini ta’kidlagan.
Muzokaralar yakunida hukumatlararo va idoralararo 24 ta hujjat imzolangan. XXR Raisi Si Szinpin Oqo‘rdada ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik uchun Qozog‘iston Prezidentiga minnatdorlik bildirgan edi.
Ostonada, shuningdek, “Markaziy Osiyo-Xitoy” ikkinchi sammiti ham bo‘lib o‘tgan. Unda olti mamlakat Prezidentlari, jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qatnashgandi. Sammit davomida Qosim-Jomart To‘qayev qo‘shni davlatning yadro energetikasini rivojlantirishdagi muvaffaqiyatli tajribasini tilga olgan. Shuningdek, Xitoydan Markaziy Osiyo mamlakatlariga yuk tashish hajmining ortib borayotganini aytib, Kaspiy dengizida terminal qurishni taklif qilgan.
Live
Barchasi