To‘qayev Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlashga qarshi chiqdi
Olam
−
20 yanvar 2855 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Chimkentdagi shov-shuvli qotillikka izoh berib, stalking (ta’qib qilish), shuningdek, kelin o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyatlarni yovvoyi deb atadi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bunday jinoyatlar millat obro‘siga putur yetkazadi. Bu haqda u bugun, 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi.
“Kelinni o‘g‘irlash insonni o‘g‘irlashdir. Bu millatimiz obro‘siga putur yetkazadigan qo‘pol, vahshiyona jinoyatdir. Bunday shafqatsizlikka hech qanday sharoitda yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deydi u.
Jamoatchilik noroziligi tufayli To‘qayev Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga Chimkentdagi politsiya ishini tekshirishni buyurdi va qotillik butun mamlakatni larzaga keltirganini ta’kidladi.
21 yoshli talaba qiz Nuray Serikbay 11 yanvar kuni Chimkentda o‘lik holda topildi. Respublika OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ayolni o‘ldirishda gumon qilinib, uning tanishi qo‘lga olingan, u avvalroq ayolni ta’qib qilgan. To‘qayev o‘z nutqida gumonlanuvchi tomonidan talabani muntazam ravishda ta’qib qilish, shuningdek, tahdid qilish fakti aniqlanganini aytdi.
Avvalroq To‘qayev ayollarga qarshi jinoyatlar haqida gapirgan edi, 2024 yilda u respublikada kelin o‘g‘irlashga urinishlarni “dahshatli jaholat” deb atagan edi. 2025 yilda Qozog‘istonda qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi, unga ko‘ra stalking – zo‘ravonliksiz ta’qib qilish uchun sud 200 soatgacha jamoat ishlari yoki 50 sutkagacha qamoq jazosini tayinlashi mumkin. Shuningdek, Jinoyat kodeksiga nikoh tuzishga majburlash uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan modda kiritildi.
Live
Barchasi