To‘qayev Qozog‘iston hukumati tarkibini o‘zgartirdi
Olam
−
02 Sentabr 2023
7597Kecha, 1 sentyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bir qator vazirliklar rahbarlarini egallab turgan lavozimlaridan ozod qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning tegishli farmonlari bilan Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov, Axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri Darxan Qidirali, Madaniyat va sport vaziri Asxat Oralov, Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Zulfiya Suleymenova lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari – Savdo va integratsiya vaziri lavozimida ishlab kelgan Serik Jumangarin ishdan olinib, Bosh vazir o‘rinbosari mavqeini saqlab qolgan. Xuddi shunday, Tamara Duysenova ham Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri vazifasidan ozod qilingan va Bosh vazir o‘rinbosari lavozimini saqlab qolgan.
O‘z o‘rnida, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Yerjan Sadenov endilikda ushbu vazirlikning rahbari etib tayinlangan. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga esa Svetlana Jakupova rahbar bo‘lgan. Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri lavozimida ishlab kelgan Marat Qoraboyev esa yangi tashkil etilgan Transport vazirligiga rahbar etib tayinlangan.
Qayd etish joizki, Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi Transport vazirligi hamda Sanoat va qurilish vazirligiga ajratilgan. Bundan tashqari, Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi Madaniyat va axborot vazirligiga, Madaniyat va sport ishlari vazirligi esa Turizm va sport vazirligiga aylantirilgan.
Shu munosabat bilan, Aida Balayeva Madaniyat va axborot vaziri etib, Yermek Marjikpayev esa Turizm va sport vaziri etib tayinlangan.
Shuningdek, To‘qayev Qozog‘iston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatda yana bir vazirlik – Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligi tashkil etilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmasini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Prezident Administratsiyasida boshqaruv tuzilmasi o‘zgargani munosabati bilan bir qator mansabdor shaxslar egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi. O‘zgartirishlar munosabati bilan davlat rahbari bir qator tayinlovlarni amalga oshirdi, jumladan, o‘zining yangi yordamchilarini tayinladi.