To‘qayev AQSH bilan aloqalarni saqlab qolish uchun hamma narsaga tayyorligini aytdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev AQSHning Ostonadagi yangi elchisi Juli Staffga ishonch yorliqlarini topshirish marosimida amerikalik mavqedoshi Donald Trampga yigirmatalik (G20) guruhi sammitiga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Oq O‘rda matbuot xizmati xabar berdi. 

“Biz Prezident Donald Tramp bilan do‘stona va shu bilan birga mazmunli suhbat qildik. Yaqinda ikki tomonlama hamkorligimizga doir ko‘plab masalalar yuzasidan samarali telefon muloqoti o‘tkazdik. Joriy yil oxirida Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorman”, degan To‘qayev. 

U shuningdek, ko‘plab sohalarda AQSH bilan strategik sheriklikni saqlab qolish va mustahkamlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishiga ishontirgan.

Dekabr oyi boshida Tramp Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlarini Mayamida bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi G20 sammitida mehmon sifatida ishtirok etishga taklif qilinishini aytgan edi. U tegishli postni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirdi. 

AQSHning Qozog‘istondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Juli Staff 2025 yil 7 oktyabrda Ostonadagi elchi lavozimiga tasdiqlangan. So‘nggi vaqtlarda prezident yordamchisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashi ijrochi kotibi lavozimlarida ishlagan. Ilgari u Rossiya, Efiopiya va Polshadagi diplomatik vakolatxonalarda ham ishlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing