Tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bekor qilinishi mumkin

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13 dekabr kuni “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi gardaniga ham bir qator vazifalar yuklandi. Agentlik direktori bugun 16 dekabr kuni yig‘ilish o‘tkazib, qaror yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida rasmiy bayonot berdi. U shunday deydi: 

“Hujjatda Agentligimiz zimmasiga ham bir qator muhim vazifalar yuklatilgan. Xususan:
 
•    tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan normani bekor qilish masalasi ko‘rib chiqiladi;

•    sud tizimida shaffoflikni va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida jurnalistlar va fuqarolarning ochiq sud majlislarida ishtirok etishi, sudlarning veb-saytlari va matbuot kotiblari ishini yaxshi tashkil qilish bo‘yicha Oliy sud Plenumining qarori qabul qilinadi;

•    hamon og‘ir ahvolda qolayotgan bosma nashrlar borasida — davlat organlari muassis bo‘lgan bosma OAVlarini kuchaytirish, tahririyat xodimlarining mehnatiga haq to‘lashni yaxshilash hamda bosma nashrlar veb-saytlarini rivojlantirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi;

•    “Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqiladi va «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritiladi. Shu jumladan, tele- va radiostansiyalarga litsenziya berish jarayoni soddalashtiriladi hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jurnalistlarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari yoki qarorlaridan himoya qilish tizimi kuchaytiriladi;

•    O‘zbekistondagi barcha davlat organlari faoliyatining ochiqligini, ularning OAV bilan aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha choralar ishlab chiqamiz”.
 
Ushbu qaror mamlakatimizda qonun ustuvorligi hamda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash yo‘lidagi, ularni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim va dadil qadam bo‘ladi. Bu asnoda Agentligimiz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ta’minlanadi”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing