Sukerberg yer ostida bunker qurdiryapti. Milliarder yadroviy urushga tayyorlanyaptimi?

Bu qiziq

image

Meta asoschisi Mark Sukerberg Gavayida 270 mln dollarlik ulkan yer osti bunkerini qurdirmoqda. Bu haqda “Wired” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Gavayidagi Kauay orolining shimoli-sharqida, Kapaa va Xanaley sayyohlik markazlari o‘rtasidagi sokin fermada ulkan, maxfiy qurilish loyihasi olib borilmoqda. Uning yer maydoni qariyb 5 ming kvadrat metr bo‘lib, Sukerberg bu yerni 2014 yilning avgustidan boshlab, qator bitimlar asosida sotib olgan. 

Majmua elektron boshqaruv tizimi, ovoz o‘tkazmaydigan devorlar bilan jihozlanadi. U alohida elektr tarmog‘i va oziq-ovqat ta’minotiga ega bo‘lishi mo‘ljallanyapti. Shuningdek, ushbu shahar qochish uchun lyuk va raketa portlashlaridan himoyalovchi eshik bilan jihozlanadi. Bunker tunnel bilan bog‘langan ikkita bo‘limdan iborat. Bildirilishicha, ularning birida Sukerberg va uning oilasi, ikkinchisida esa binoga tashrif buyuruvchilar joylashadi.

Guvohlarning aytishicha, ushbu yer osti bunkerining qurilishi qat’iy maxfiylik bilan amalga oshirilmoqda. Jamoalardagi ishchilarga bir-biri bilan muloqot qilish taqiqlangan. Barcha quruvchilar ma’lumotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘l qo‘ygan. 

Shartnoma shartlariga ko‘ra, ishchilarning hatto qurilish jarayonini sur’atga olishi ham mumkin emas.  Xususan, kompaniyaning sobiq ishchisi Snapchat'da loyiha suratini baham ko‘rgani uchun ishdan bo‘shatilgan.

Manbaga ko‘ra, hudud 6 futli devor bilan o‘ralgan va bu loyihani atrofdan to‘sib turadi. Ichkarida nima bo‘layotganini ko‘rishning imkoni yo‘q. Xavfsizlik xodimlari esa kirish eshigini 24 soat qo‘riqlashadi.

Ma’lumot uchun, avvalroq Sukerberg 2021 yildan beri birinchi marta Meta kompaniyasi aksiyalarini sotdi. U 682 ming qimmatli qog‘oz uchun deyarli 185 mln dollar oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik milliarder Ilon Mask g‘arb va sharq davlatlari o‘rtasidagi urush va mojarolar fonida insoniyat Uchinchi jahon urushi sari ketayotganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

urush yadro Tsukerberg bunker

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing