Sukerberg Trampga 1 mln dollar xayriya qildi – WSJ
Olam
−
11:51
1603Meta korporatsiyasi Mark Sukerberg boshchiligida AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsion fondiga 1 million dollar xayriya qildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Sukerberg ushbu qadam orqali Tramp bilan munosabatlarni yaxshilashga uringan. Tramp o‘zining “Amerikani qutqarish” kitobida Sukerbergni 2020 yilgi saylovlarda o‘ziga qarshi fitna uyushtirganlikda ayblagan va 2024 yilgi saylovlarga aralashgani aniqlansa, unga umrbod qamoq jazosi bilan tahdid qilgan.
Nashrning yozishicha, ushbu harakat Meta korporatsiyasining odatiy siyosatidan farq qiladi. Kompaniya ilgari na Trampning 2017 yilgi, na Jo Baydenning 2021 yilgi inauguratsion fondlariga mablag‘ ajratgan. Bundan tashqari, joriy yil noyabr oyida Sukerberg Tramp bilan Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida uchrashgan. Uchrashuvda Sukerberg Trampga Meta Ray-Ban aqlli ko‘zoynaklarini namoyish qilgan va ulardan birini sovg‘a sifatida bergan.
Shuningdek, Meta rahbarlari Trampning yangi ma’muriyatidagi yuqori lavozimli amaldorlar, jumladan, Oq uy xodimlariga rahbar bo‘lishi kutilayotgan Syuzan Uayls, davlat kotibi lavozimiga nomzod Marko Rubio va boshqa mas’ullar bilan aloqalarni o‘rnatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla, SpaceX va X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask Donald Trampning Oq uyga qaytishiga yordam berish uchun qariyb 260 million dollar sarflagani xabar qilingandi.
LiveBarchasi