SSKAga to‘liq moslashdim – Fayzullayev
Sport
−
08 aprel
4892O‘zbekistonlik yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev SSKA futbol klubiga to‘liq moslashdi. Bu haqda uning o‘zi OAVga ma’lum qildi.
7 aprel kuni Rossiya Premer-ligasi (RPL) 23-tur uchrashuvida SSKA o‘z maydonida “Fakel”ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. “Armiyachilar” klubining gollaridan biriga Fayzullayev mualliflik qildi.
“G‘alabadan va uch ochkoni qo‘lga kiritganimizdan xursandmiz. O‘ylaymanki, muxlislarga o‘yin yoqdi, lekin eng muhimi biz uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Men SSKAga to‘liq moslashdim. Terma jamoadan keyin formaga tusha olmayotgandim, lekin hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman. Doim maydonda jamoaga yordam berishni xohlayman”, deydi Fayzullayev.
Shuningdek, Fayzullayev Moskva klubining oxirgi paytlarda bahslarda yutib turib, nega yakunda g‘alabani qo‘ldan chiqarayotganiga izoh berdi.
“Ba’zi o‘yinlarda so‘nggi daqiqalarda konsentratsiyani yo‘qotib qo‘ydik. Shu tufayli biz ko‘p gollar o‘tkazib yubordik va ochko yo‘qotdik, lekin har bir o‘yinda maydonga g‘alaba qozonish uchun tushamiz. Agar mavsum yakuniga ko‘ra, kuchli uchlikka kirsak, juda xursand bo‘laman”, deydi Fayzullayev.
Ma’lumot uchun, 20 yoshli Fayzullayev hozirga qadar SSKA tarkibida turli turnirlarda 23 ta o‘yinda maydonga tushdi. Yarim himoyachi 3 ta gol urdi va 9 ta golga assistentlik qildi.