Noodatiy ixtiro. Yaponlar sellofandan robot yasadi
Texnologiya
−
23 Oktabr 2023
4828Yaponiyaning Xosey universiteti muhandislari videoqo‘ng‘iroqlar uchun mo‘ljallangan puflab shishiriladigan robotni ishlab chiqdi. Bu haqda “Hi-tech” nashri xabar berdi.
Uskuna boshqa robotlar kabi temir kabi qattiq metalldan yasalmagan. Aksincha, selofanni eslatuvchi neylondan ishlangan va havo orqali shishiriladi. Bu uning ko‘p joy egallamasdan, oson yig‘ilishiga yordam beradi. Robot o‘ziyurar platformaga o‘rnatilgan. Ko‘krak qafasida foydalanuvchining yuzini ko‘rsatuvchi planshet joylashtirilgan.
Shuningdek, uning ichiga joylashtirilgan kabellar va servomotorlar tizimi sababli robotning qo‘llari va boshining harakatlarini boshqarish mumkin. Robot orqali videoaloqada bo‘lib turgan odam kimgadir qo‘l silkishi yoki bosh irg‘ishi mumkin. Bunda u qo‘llarini tirsagida ko‘tarishi va bukishi, yelkalarini harakatga keltirishi, turli yo‘nalishlarga egilishi va boshini 30 gradusgacha aylantirishi mumkin.
Hozirda bunday robotdan konferensiyalarda, shuningdek, maktab va universitetlardagi darslarda masofaviy ishtirok etish uchun foydalanish taklif qilinmoqda. Shuningdek, ishlab chiquvchilar dizaynni yaxshilash borasida ham bosh qotirmoqda.
Eslatib o‘tamiz,Tokioda joylashgan Tsubame Industies startapi "Archax" nomli mashinaga aylana oladigan ulkan odamsimon robotni yaratdi.