Trampning yangi matbuot kotibi 5 kunda ishdan haydaldi

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning yangi matbuot kotibi Keti Zakariya lavozimga tayinlanganidan atigi besh kun o‘tib ishdan ketdi. Uning faoliyati ilk brifingdagi muvaffaqiyatsiz chiqishi va yuridik malakasi bilan bog‘liq savollar ortdan yakunlandi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Zakariya joriy yilning 9 oktyabr kuni ushbu lavozimga taklif qilingan, 12 oktyabr kuni esa ish boshlagan. Bungacha u “Fox News” telekanalida konservativ qarashlari bilan tanilgan sharhlovchi bo‘lgan. Biroq Oq uy matbuot kotibi sifatidagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi.

Uning 13 oktyabr kuni o‘tkazgan birinchi va oxirgi brifingi 14 daqiqa davom etgan, shundan jurnalistlarning savollariga taxminan besh daqiqa ajratilgan. Zakariya oldindan tayyorlangan matnni o‘qib bergan va jurnalistlarning atigi uchta savoliga javob qaytargan. Shuningdek, turmush o‘rtog‘i haqida gapirayotib, adashib AQSH Prezidenti Donald Trampni nazarda tutuvchi iborani ishlatib yuborgan. U tezda xatosini tuzatgan. Bu holatlar uning ilk chiqishi yuzasidan tanqidlar kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, Zakariyaning yuridik malakasi ham savol ostida qolgan. Tramp uni omma oldida “advokat” deb tanishtirgan bo‘lsa-da, Zakariya AQSHda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun zarur bo‘lgan imtihondan o‘ta olmagani ma’lum bo‘lgan. Jurnalistlar undan qaysi shtatda ushbu imtihondan o‘tganini so‘raganida, u savolni noto‘g‘ri tushungan. Keyinchalik “The New York Times” nashriga savolni noto‘g‘ri eshitganini bildirgan. Uning ommaviy axborot vositalaridagi keyingi chiqishlari ham tanqidlarga sabab bo‘lgan.

15 oktyabr kuni Tramp Oq uy qarorgohidan chiqib ketayotib, jurnalistlarga Zakariyaga lavozimni qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilganini aytgan.

“Rostini aytsam, sizning o‘rningizda bo‘lganimda, bu qarorni qayta ko‘rib chiqardim. Keti, sizga bu ish kerakmi? Menimcha, kerak emas”, degan Prezident.

Oq uy kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chung Zakariya keyinchalik e’lon qilinadigan yangi lavozimga o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Tramp ham uning o‘z ma’muriyatida boshqa shaklda ishlashda davom etishi mumkinligini aytgan.

Zakariya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Tramp uchun ishlash sharaf bo‘lganini yozib, Prezidentga minnatdorlik bildirgan.

Nashrning qayd etishicha, Zakariya Oq uy matbuot kotibi lavozimida atigi besh kun va bir marta brifing o‘tkazib ishlagan. Bu lavozim tarixidagi eng qisqa faoliyat muddatlaridan biri bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing