Tramp Oq uy matbuot kotibi etib sodiq tarafdorini tayinladi
Olam
−
09:15 751 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining sobiq tarafdori Keti Zaxariyani Oq uyning yangi matbuot kotibi etib tayinladi. U joriy yilning avgust oyi oxirida lavozimini tark etgan Kerolin Livittning o‘rnini egallaydi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tramp kecha, 9 oktyabr kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Zaxariyani ushbu lavozimga tayinlaganini e’lon qilgan. Prezident uni o‘zining “sodiq muxlisi” va MAGA (Tramp tarafdorlari harakati) harakatining tarafdori deb atagan.
“U boshidanoq sodiq va ajoyib tarafdor bo‘lib kelgan. Shuningdek, u MAGA harakatining ashaddiy muxlisi va a’zosi”, deb yozgan Tramp.
Nashrga ko‘ra, Zaxariyaning tayinlanishi Vashingtonda kutilmagan qaror bo‘lgan. Avvalroq konservativ teleboshlovchi Skott Jennings ushbu lavozimga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilayotgandi. Biroq uning ilgari Trampni tanqid qilgani tayinlovga to‘sqinlik qilishi mumkinligi aytilgan.
Keti Zaxariya avval AQSH Ichki xavfsizlik vazirligida matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. Hozirda esa Trampga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Trump Media and Technology Group kompaniyasida kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchi lavozimida faoliyat yuritadi.
Kaliforniyada tug‘ilgan Zaxariya ko‘p yillardan beri Respublikachilar partiyasi siyosatida faol ishtirok etib keladi. U Pepperdayn universitetida tahsil olgan, universitetdagi Respublikachilar talabalar tashkilotiga rahbarlik qilgan. Shuningdek, Jorj Bush prezidentligining ikkinchi muddati davomida Oq uyning siyosiy masalalar bo‘yicha idorasida va Respublikachilar milliy qo‘mitasida amaliyot o‘tagan.
Tramp Zaxariya OAV vakillari, Amerika xalqi va uning ma’muriyati bilan samarali ishlashiga ishonch bildirgan.
“Keti keyingi Oq uy matbuot kotibi sifatida mamlakatimiz uchun katta natijalarga erishishiga ishonaman. U OAV vakillari, Amerika xalqi va mening ma’muriyatim hurmatiga sazovor bo‘ladi hamda ular bilan a’lo darajada ishlaydi”, deb yozgan Tramp.
Ma’lumot uchun, Keti Zaxariya kinoprodyuser Tayler Zaxariyaga turmushga chiqqan. Ularning to‘rt nafar farzandi bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp uning matbuot kotibi Karolin Livitt avgust oyi oxirida Oq uyni tark etishini ma’lum qilgandi. Livittning o‘zi bu qarorni “achchiq-shirin qaror” deb atagan.
Live
Barchasi