Tramp Ukraina mojarosida Rossiyaga yon bosyapti – “The Guardian”
Olam
−
12:37 1169 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ga kirish taklifi Amerika yetakchisi Donald Trampning Ukrainadagi mojaroda Rossiya pozitsiyasiga moyilligini ko‘rsatadi. Bu haqda Britaniyaning “The Guardian” gazetasi yozdi.
Rossiya Prezidentining nafaqat Yaqin Sharqda, balki potensiali butun dunyoda tartib o‘rnatilishini kuzatib borishi kerak bo‘lgan global organga kiritilishi, Trampning Ukraina mojarosida Rossiya tomonga og‘ayotgani haqidagi nazariyalarga katta ahamiyat beradi, deb hisoblaydi gazeta.
G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ga a’zo bo‘lish taklifi ko‘plab xorijiy davlatlar yetakchilariga, jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ham yuborilgan. Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, bu taklif o‘rganilmoqda.
Tramp Isroil va Falastinning HAMAS radikal harakati o‘rtasidagi kelishuvlarga muvofiq G‘azo sektorini boshqarishni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘lgan ushbu xalqaro tashkilotga raislik qilmoqchi.
“The Wall Street Journal” gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Tinchlik kengashi” nizomi loyihasida u nafaqat G‘azo sektori, balki mojarolardan jabr ko‘rgan boshqa hududlar bilan ham shug‘ullanishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 16 yanvarda G‘azo sektorida "Tinchlik kengashi" tuzilishini e’lon qilgan edi. Ushbu tuzilmani tashkil etish Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, unda xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan. Birlashmaning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Prezidentning kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH G‘azo sektori bo‘yicha xalqaro Tinchlik kengashida doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard AQSH dollari badal kiritishni so‘ramoqda. Ijroiya kengashining birinchi raisi Trampning o‘zi bo‘lib, tashkilot a’zoligiga kimni qabul qilish masalasini aynan u hal qiladi. Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lgan har bir davlat uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tayinlanadi va bitta ovozga ega bo‘ladi. Kengash qarorlari ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi, biroq ularning barchasi rais – Tramp tomonidan tasdiqlanishi shart.
Live
Barchasi