Trampning odami Putin bilan uchrashadi
Olam
−
11 mart
4518AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff shu hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga tashrif buyuradi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
“Uning safari Ukraina rasmiylari va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio hamda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts o‘rtasida Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan uchrashuvlarga mos ravishda bo‘ladi”, deya yozadi nashr.
“Reuters” ham AQSH Prezidentining maxsus elchisi Stiven Uitkoffning Moskvaga tashrifi haqida xabar bergan. Agentlik manbalariga ko‘ra, Uitkoff yanvar oyida Vladimir Putin bilan uchrashgan va shundan so‘ng, narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatga aloqadorlikda 14 yilga hukm qilingan amerikalik Mark Fogel bilan birga AQSHga qaytgan.
“Walla News” va “Axios” nashri Uitkoffning bu hafta Abu-Dabi va Dohaga tashrif buyurish rejalari asosida, 13 mart kuni Putin bilan uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini yozgan.
Rossiya va AQSH rasmiylari Uitkoffning Moskvaga tashrifiga oid hech qanday ma’lumot bermagan. Nashrlarning bu ma’lumoti rasman tasdiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukraina va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan muzokaralarning birinchi bosqichi o‘z nihoyasiga yetgani haqida xabar berilgandi. Birinchi raundning o‘zi uch soatdan ko‘proq davom etgan, so‘ngra qisqa tanaffus e’lon qilingan. Bir necha daqiqadan so‘ng muzokaralar yana davom ettirilgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

