Trampning odami Kremlning pozitsiyasini Oq uyga yetkazdi
Olam
−
12 aprel
3579AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Vashingtonda Rossiya Prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan uchrashuvidan so‘ng Kremlning pozitsiyasini Oq uy rahbari Donald Trampga yetkazdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Rossiya Ukrainaning to‘rtta hududi ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi kerakligini talab qilgan. Bu hududlar – DXR, LXR, Zaporoje va Xerson viloyatlari bo‘lib, Uitkoff bu shartning bajarilishi tinchlik bitimini tezlashtirishga yordam berishini aytgan.
AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili general Kit Kellog Uitkoffni qo‘llab-quvvatlamagan. U Trampga Ukraina ushbu hududlar bilan bog‘liq ba’zi shartlarga rozi bo‘lishga tayyor bo‘lsa-da, ularni bir tomonlama ravishda Rossiyaga butunlay berishga hech qachon rozi bo‘lmasligini aytgan.
Agentlikka ko‘ra, Rossiya urushni tugatish uchun qo‘yayotgan shartlar bo‘yicha Tramp ma’muriyati ichidagi bo‘linishlar kuchaymoqda va AQSH Prezidentining respublikachi ittifoqchilaridan ba’zilari Uitkoff bu masalada haddan tashqari rossiyaparast pozitsiyani egallayotganiga ishonmoqda.
Kirill Dmitriyev joriy yilning aprel oyi boshida Vashingtonga tashrif buyurgandi, bu Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Rossiyaning bunday darajadagi rasmiy vakilining AQSHga birinchi tashrifi edi. Stiv Uitkoff so‘nggi ikki oy ichida Rossiyaga uch marta uchgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 aprel kuni u Sankt-Peterburgda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. 11 aprel oqshomidagi yig‘ilishda nimalar muhokama qilingani haqida jamoatchilikka ma’lumot berilmagan.
LiveBarchasi