Trampning navbatdagi sudini dekabrgacha kechiktirish so‘raldi
Olam
−
24 iyun 2023
3639Donald Trampning maxfiy hujjatlar bo‘yicha navbatdagi sud jarayoni avgust oyiga belgilandi. Bu haqda “NBC News” nashri xabar berdi.
Sudya Aylin Kannon sud jarayonini 14 avgustga belgiladi va sud jarayoni ikki hafta davom etishini taxmin qildi. Maxsus prokuror Jek Smit idorasi prokurorlari sobiq prezident Donald Trampning navbatdagi sudi uchun ko‘proq vaqt kerakligini aytib, sud jarayonini 11 dekabrga qoldirishni so‘ragan.
Prokurorlar, so‘ralgan kechikishning asosiy sababi sifatida xavfsizlik ruxsatnomalarini olish zarurligini aytgan. Aytilishicha, vaqtinchalik ruxsatnomalarni 48 soat ichida olish mumkin. Ammo barcha hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan yakuniy tasdiqlash 45 dan 60 kungacha davom etadi. Hujjatda aytilishicha, barcha himoyachilar jarayonni boshlash uchun tegishli hujjatlarni taqdim etmagan.
Sud Trampni Oq uydan chiqqanidan keyin o‘zi bilan olib ketgan maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri ishlatganlikda ayblamoqda. Shu oyda e’lon qilingan ayblov xulosasida ko‘rsatilgan hujjatlar maxfiyligicha qolmoqda.
Tramp va sudlanuvchi Uolt Nauta yolg‘on bayonotlar berish, to‘sqinlik qilish maqsadida til biriktirish va milliy mudofaa ma’lumotlarini qasddan saqlash kabi yettita jinoyat bo‘yicha 37 ta modda bilan ayblangan.
Tramp har qanday qonunbuzarlikni inkor etib, hujjatlarni saqlashga haqli ekanini ta’kidlagan va unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ayblov siyosiy sabablarga bog‘liq ekanini ta’kidlagan. U shu oy boshida bo‘lib o‘tgan Mayamidagi sudda ham barcha ayblovlarni tan olmagan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan prokurorlarning 49 varaqdan iborat 37 ta ayblov xulosasi e’lon qilingandi.
Shuningdek, joriy yilning aprel va may oylarida ham Donald Tramp sud qilingandi. Ularning birida sobiq prezident tomonidan saylovoldi kampaniyasi davomida porno aktrisa Stormi Deniyelsga pul to‘langani ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, yana birida u jurnalist Elizabet Jin Kerrolni zo‘rlaganlikda ayblangandi.
Ibrohimjon G‘afforov
LiveBarchasi