Trampning Maduroga bergan muddati tugadi. Endi nima bo‘ladi?

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 21 noyabrida Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroga telefon orqali murojaat qilib, undan bir hafta muddat ichida o‘z oilasi bilan mamlakatni tark etishni talab qilgan. Bu haqda kecha, 1 dekabr kuni “Reuters” agentligi xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, ikki yetakchi o‘rtasidagi suhbat 15 daqiqa davom etgan va Tramp Maduroga 28 noyabrga qadar Venesuelani tark etish imkoniyati berilganini bildirgan.

Maduro suhbatda agar unga va oilasiga “to‘liq huquqiy amnistiya, shu jumladan, barcha AQSH sanksiyalari bekor qilinishi” ta’minlansa, mamlakatni tark etishga tayyor ekanini bildirgan. Shuningdek, u Xalqaro jinoiy suddagi ishning to‘xtatilishini va 100 nafar venesuelalik mansabdor shaxsga qarshi AQSH sanksiyalarining bekor qilinishini talab qilgan. Maduro, qolaversa, yangi saylovlar o‘tkazilguncha Venesuelani vaqtinchalik boshqarish uchun vitse-prezident Delsi Rodriges tayinlanishi kerakligini ta’kidlagan. Tramp esa Maduroning ko‘pchilik talablarini rad etgan.

Tramp 29 noyabrda Truth Social’da Venesuela ustidagi va atrofidagi havo hududi “to‘liq yopiq” bo‘lishi kerakligini e’lon qilgan, biroq 30 noyabrda u bu bayonotini harbiy zarbani bildiruvchi buyruq sifatida qabul qilmaslikni ta’kidlagan.

AQSH hukumati Venesuelani giyohvand moddalar kontrabandasi bilan yetarlicha kurashmaganlikda ayblab keladi. OAVga ko‘ra, Trampning ko‘rsatmasi bilan Markaziy razvedka agentligi (CIA) Venesuelada maxfiy operatsiyalarni boshlagan, AQSH harbiylari Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismiga o‘tkazilgan. So‘nggi oylarda AQSH Lotin Amerikasining qirg‘og‘ida kontrabanda qiluvchi 20 dan ortiq kemani yo‘q qilgan, 80 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Maduro esa Karakasdagi mitingda Venesuelaning xalq va qurolli kuchlari imperiya tahdidlaridan mamlakatni himoya qilishga tayyorligini ta’kidlagan va bu vaqt davomida aholining birlashgan holda, ijtimoiy va suveren Venesuelani himoya qilishga tayyor bo‘lganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq CNN o‘z manbalariga tayanib, Nikolas Maduro AQSH va Venesuela o‘rtasidagi ilgarigi norasmiy muzokaralar chog‘ida amerikalik vakillarga 18 oydan keyin iste’foga chiqishi mumkinligini aytgani haqida yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Donal'd Tramp Nikolas Maduro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing