Trampning ishongan odami lavozimidan “uchadi”
Olam
−
10:58 1316 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp uning matbuot kotibi Karolin Levitt oy oxirida Oq uyni tark etishini ma’lum qildi. Bu haqda Tramp o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
Levittning o‘zi bu qarorni “achchiq-shirin qaror” deb atagan. U may oyida ikkinchi farzandi – Viviana ismli qizini dunyoga keltirgach, Oq uy minbariga qaytgan edi. Uning yana 2 yoshli o‘g‘li bor.
“Qizim tug‘ilgach, Oq uyga qaytganimdan beri yuragimda 2 nafar yosh farzandimga munosib bo‘lgan eng yaxshi ona bo‘la olmayotganimni his qildim”, deb yozgan Levitt o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Donald Tramp Levittning qarorini tushunishi va hurmat qilishini bildirgan. Uning aytishicha, Levitt Oq uyni tark etganidan keyin ham Trampning asosiy tashqi maslahatchilaridan biri hamda Respublikachilar partiyasidagi ta’sirli ovozlardan biri bo‘lib qoladi.
Hozircha Tramp uning o‘rniga kim tayinlanishini ma’lum qilmagan.
Ma’lumot uchun, Levitt Trampning 2024 yildagi saylovoldi kampaniyasiga qo‘shilishidan avval MAGA Inc. Super PAC tashkilotida matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. 2022 yilda Nyu-Gempshir shtatidan Kongressga saylanish uchun nomzodini qo‘yib, Respublikachilar partiyasidagi 10 nomzod ishtirok etgan praymerizda g‘alaba qozongan. Biroq umumiy saylovda Demokratlar partiyasi vakili Kris Pappasga yutqazgan.
U Trampning birinchi prezidentlik davrida ham Oq uy matbuot xizmatida ishlagan, keyinchalik respublikachilar kongressmeni Eliz Stefanikning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori bo‘lgan.
Levitt 2025 yilda Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshida Oq uy matbuot kotibi etib tayinlangan va bu lavozimni egallagan eng yosh shaxs bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Prezidenti Donald Tramp uchinchi muddatga AQSH Prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘yishni xohlashini aytgan edi.
Live
Barchasi