Trampning golf klubida o‘q uzildi
Olam
−
16 Sentabr
6060Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampga “yaqin masofada” o‘q otildi. Bu haqda uning saylovoldi shtab-kvartirasi kecha, 15 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq prezidenti xavfsiz ekani xabar qilinmoqda.
Trampning o‘g‘li, kichik Donald Tramp o‘zining X akkauntida voqea sodir bo‘lgan joy yaqinidagi butalar orasidan AK-47 avtomati topilganini da’vo qilmoqda.
“Gumonlanuvchi hibsga olingani xabar qilinmoqda”, deya qo‘shimcha qildi kichik Tramp.
“New York Post” gazetasining xavfsizlik manbalariga tayanib yozishicha, o‘q faqat AQSH maxfiy xizmati agenti tomonidan otilgan. Gumonlanuvchi hibsga olingan, biroq uning sabablari haqida hech narsa ma’lum emas.
“Reuters” agentligi ikki manbaga tayanib xabar berishicha, Palm-Bichdagi (Florida shtati) Trampga tegishli golf maydonchasi yaqinida bir necha marta o‘q uzilgan. Bundan oldin “New York Post” ikki kishi sobiq prezidentga qaratilmagan otishma boshlagani haqida xabar bergan edi.
AQSH Maxfiy xizmati matbuot kotibi Entoni Gugliyelmi o‘zining X akkauntida agentlik voqeani Palm-Bich okrugi sherifi bilan hamkorlikda tergov qilayotganini yozdi. Shuningdek, u Maxfiy xizmat va mahalliy sherif idorasi tez orada qo‘shma matbuot brifingini o‘tkazishiga va’da berdi.
Taxminlarga ko‘ra, AQSH Maxfiy xizmati xodimi Tramp golf maydonida bo‘lganida barrikadadan miltiq trubasi chiqib turganini ko‘rgan va keyin noma’lum odam bilan “aloqa o‘rnatgan”.
Hodisa guvohining Palm-Bich okrugi sherifiga ma’lum qilishicha, u gumondorning butalar orasidan yugurib chiqib, qora Nissan mashinasiga o‘tirganini ko‘rgan. Voqea guvohi mashina va davlat raqamini suratga olishga muvaffaq bo‘ldi. Tez orada erkak qo‘lga olindi, yashiringan joyidan AK-47 avtomati va GoPro kamerasi topildi. AQSH Federal qidiruv byurosi bu voqea sobiq prezidentga navbatdagi suiqasd bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.
Oq uyning bildirishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamola Harris voqeadan xabardor bo‘lgan va “u (Tramp) xavfsiz ekanini bilib, yengillashgan”.
“Amerikada zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q”, degan Demokratik partiyadan davlat rahbari lavozimiga nomzod Harris.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Tramp bilan sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng Qo‘shma Shtatlar maxfiy xizmati ishini yuqori baholadi.
“Maxfiy xizmat va uning huquq-tartibot idoralaridagi hamkorlarining hushyorligi va sobiq prezident va uning atrofidagi odamlarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun maqtayman”, deydi Bayden.
Oq uy rahbari ta’kidlaganidek, u sobiq raqibi saylovoldi poygasida jarohat olmagani haqidagi xabardan xursand bo‘lgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari vitse-prezidenti lavozimiga respublikachi nomzod Jeyms Devid Vens X’da o‘zining partiyadoshi uchun golf klubidagi hodisaning muvaffaqiyatli yakuni haqida bilib, xotirjam bo‘lganini yozdi.
“Prezident Trampning xavfsiz ekanligidan xursandman. Bu xabar ommaga tarqalguncha men u bilan gaplashdim va hayratlanarlisi, uning kayfiyati yaxshi edi. Biz hali bilmagan narsamiz ko‘p, lekin bugun kechqurun bolalarimni yanada qattiqroq quchoqlayman va minnatdorlik duosini o‘qiyman”, deydi Vens.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Butler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingida nutq so‘zlayotganida unga qarata o‘q uzilgandi. To‘rtta o‘q ovozi eshitilgan, shundan so‘ng sobiq prezident qulog‘idan ushlab, beshinchi va oltinchi o‘t ochishdan oldin minbar orqasiga yashirinishga muvaffaq bo‘ldi. Shu payt qo‘riqchilar uni o‘rab olishdi va yana bir necha o‘q uzildi. Keyin qulog‘idan qon oqayotgan Trampni sahnadan olib ketishdi. Sobiq prezident shifoxonaga yotqizilgan va u yerda davolangan.
Keyinroq Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida tezkor javob uchun razvedka idoralariga minnatdorchilik bildirdi.
Federal qidiruv byurosi vakili Trampga hujumni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks amalga oshirgan, deb ma’lum qildi. Matbuot xizmati boshqa tafsilotlarni keltirmadi. FQB saylovoldi tashviqoti mitingidagi otishmani Trampga “suiqasd uyushtirish” sifatida rasman tan olgan.
LiveBarchasi