Trampning G‘azo bo‘yicha 21 bandli rejasi e’lon qilindi
Olam
−
29 Sentabr 5457 3 daqiqa
Kecha, 28 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati G‘azo bo‘yicha 21 banddan iborat tinchlik rejasini e’lon qildi. Unda HAMAS qo‘lida bo‘lgan barcha garovdagilar kelishuv imzolanganidan 48 soat o‘tmasdan ozod etilishi va urush tugagach, G‘azo uchun yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, CNN xabar berdi.
Bir qator Amerika va Isroil nashrlari Trampning G‘azodagi urushni tugatish, sektorni tiklash va kelajakda Falastin davlati tuzilishiga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan 21 banddan iborat rejasining tafsilotlarini oshkor qildi.
Rejaning asosiy bandlari:
- G‘azoni “ekstremizm va terrorizm”dan xoli hududga aylantirish;
- Sektorning to‘liq tiklanishi;
- Urushni tomonlar kelishuvi asosida yakunlash va Isroil qo‘shinlarini asta-sekin G‘azodan olib chiqish;
- Isroil kelishuvga tayyorligini tasdiqlaganidan so‘ng 48 soat ichida barcha garovdagilar va halok bo‘lganlarning jasadlarini qaytarish;
- Umrbod qamoqqa hukm qilingan yuzlab falastinlik mahbuslarni va urush boshlanganidan beri hibsga olingan mingdan ortiq kishini ozod qilish, shuningdek yuzlab falastinliklarning jasadlarini topshirish;
- G‘azodan chiqib ketishni xohlovchi HAMAS a’zolariga shartli afv;
- Har kuni kamida 600 ta yuk mashinasida gumanitar yordamni G‘azoga kiritish, infratuzilmani tiklash va vayronalarni tozalash texnikasini yetkazish;
- Yordamni BMT, Qizil Yarim Oy va neytral xalqaro tashkilotlar orqali, tomonlar aralashuvisiz taqsimlash;
- G‘azoni vaqtinchalik muvaqqat hukumatidagi falastinlik texnokratlar boshqaradi, ular AQSH boshchiligidagi xalqaro organ nazoratida bo‘ladi, arab va yevropalik hamkorlar ishtirok etadi;
- Sektor uchun iqtisodiy tiklanish rejasi ishlab chiqiladi;
- Soliq va bojxona imtiyozlariga ega iqtisodiy zona tashkil etish;
- Falastinliklarni majburan ko‘chirishni taqiqlash;
- HAMASni qurolsizlantirish va uning hukmronligini yo‘q qilish;
- Mintaqaviy davlatlar tomonidan xavfsizlik kafolatlarini berish;
- AQSH va arab davlatlari boshchiligida vaqtinchalik xalqaro barqarorlashtirish tuzilmasi tuzilib, u xavfsizlikni nazorat qiladi va mahalliy politsiyani tayyorlaydi;
- Isroil qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqish;
- HAMAS hamkorlik qilmasa ham rejani qisman amalga oshirish imkoniyati;
- Isroilning Qatarga zarba bermaslik majburiyati;
- Ekstremistik mafkurani neytrallashtirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
- Kelajakda Falastin davlati tuzilishiga tayyorgarlik ko‘rish;
- Isroil va falastinliklar o‘rtasida keng siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish.
Qayd etish joiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni Tramp G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha “intensiv muzokaralar” olib borilayotganini e’lon qilgan va ular muvaffaqiyatli kelishuv bo‘lmaguncha davom etishini bildirgan.
“Xursandchilik bilan aytaman. Biz Yaqin Sharq hamjamiyati bilan G‘azo masalasida ilhomlantiruvchi va juda konstruktiv muhokamalar olib bormoqdamiz. Hamma bu o‘lim va zulmat davrini ortda qoldirish istiqbolidan hayajonda. Biz garovdagilarni qaytarib olishimiz va mustahkam tinchlikka erishishimiz kerak”, deb yozgan AQSH Prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Falastin davlatini tuzish haqidagi bandlarga keskin qarshi chiqishi kutilmoqda. U ilgari G‘arb davlatlarining Falastinni tan olish qadamlarini “isroilliklarga qarshi zo‘ravonlikni rag‘batlantirish” va “HAMASni mukofotlash” deb baholagan hamda Falastin davlati tuzilishiga yo‘l qo‘ymasligini bir necha bor ta’kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Ispaniya va Buyuk Britaniya bilan birga jami 12 davlat Falastin ma’muriyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun koalitsiya tuzgani haqida xabar berilgan edi. Koalitsiya a’zolarining aksariyati allaqachon katta miqdorda moliyaviy hissa qo‘shgan va ma’muriyatni doimiy qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan.
Live
Barchasi