Trampning do‘sti Ukrainadagi litiy konini qo‘lga kiritdi
Olam
−
10 yanvar 4067 2 daqiqa
Joriy yilning 8 yanvar kuni urushdan jabr ko‘rgan Ukraina hukumati mamlakatga sarmoya jalb etish maqsadida tender o‘tkazdi. Unda AQSH Prezidenti Donald Trampga yaqin investorlar davlatga qarashli yirik litiy konini qazib olish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tanlovda g‘olib chiqqan konsorsium tarkibiga Tramp ma’muriyati bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan mashhur milliarder Ronald Lauder hamda TechMet energetika kompaniyasi ham kirgan.
Komissiya a’zolari konsorsium asosiy tanlov talablarini bajargani va raqiblaridan ustun kelganini ta’kidlab, qaror qabul qilish jarayonida hech qanday kelishilganlik yoki “tanish-bilishchilik” bo‘lmaganini bildirgan.
Ukrainaning markaziy qismida joylashgan Dobra litiy koni mamlakatdagi eng yirik litiy zaxiralaridan biri hisoblanadi. U elektr batareyalari va boshqa yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish uchun muhim xomashyo manbai sanaladi. Loyihani amalga oshirish investorlar bilan daromadni bo‘lishish to‘g‘risidagi shartnoma asosida rejalashtirilgan.
“Bitimga ko‘ra, Dobra konidan olinadigan daromadning yarmi qo‘shma jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Biroq ushbu jamg‘armani nazorat qiluvchi AQSH agentligining TechMet kompaniyasida ham ulushi borligi manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Lauder va TechMet tomonidan aniq qancha sarmoya kiritish rejalashtirilgani hozircha ma’lum emas. Ma’lum qilinishicha, tender shartlariga ko‘ra, kamida 179 million dollarlik investitsiya talab etilgan. Shu bilan birga, komissiya a’zolaridan biri konsorsiumning haqiqiy sarmoya majburiyati bu miqdordan ancha yuqori ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil yanvar oyining oxirida 800 milliard dollarlik shartnoma imzolashi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Zelenskiy bu kelishuv iqtisodiy tiklanishni ta’minlashi, ish o‘rinlarini qayta yaratishi va hayotni Ukrainaga qaytarishini aytmoqda.