Trampga Grenlandiyani sotib olish g‘oyasini kim bergan? 

Olam

image

AQSH tomonidan Grenlandiyani sotib olish g‘oyasi dastlab Prezident Donald Trampga “Estée Lauder” kosmetika kompaniyasi merosxo‘ri, tadbirkor Ronald Lauder tomonidan taklif qilingan. Bu haqda AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton “The Guardian” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Boltonning so‘zlariga ko‘ra, Donald Trampga  birinchi prezidentlik muddati davomida taniqli biznesmen AQSH Grenlandiyani sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerakligini aytgan. 

Sobiq maslahatchi bu taklif muallifi Trampning qadimiy tanishi Ronald Lauder bo‘lganini aniqlashtirgan.

Shundan so‘ng, Boltonning ta’kidlashicha, Oq uyda AQSHning Arktikadagi ta’sirini kuchaytirish yo‘llari muhokama qilingan. Jumladan, Daniyaga qarashli hududlarda Amerika ta’sirini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan. 2019 yilda esa Trampning Grenlandiyaga bo‘lgan qiziqishi ommaga oshkor bo‘lib, Daniya hukumatining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan.

Nashrning qayd etishicha, Lauderning qiziqishi uning oroldagi biznes loyihalari bilan ham bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, amerikalik investorlar, jumladan Lauder ham, Grenlandiyada ichimlik suvi eksporti va gidroenergetika sohalarini rivojlantirishga sarmoya kiritgan.

Ma’lumot uchun, 57 mingga yaqin aholiga ega Grenlandiya 1979 yilgacha Daniya mustamlakasi bo‘lgan. Keyinchalik u o‘zini o‘zi boshqarish huquqini olgan, 2009 yildan buyon u Daniya qirolligi tarkibida keng avtonomiyaga ega hudud hisoblanadi. Hozirda Grenlandiyadagi harbiy bazada AQSHning 100 dan ortiq harbiy xizmatchisi joylashgan.

2026 yil yanvar oyi boshida Tramp yana bir bor Grenlandiya AQSH nazoratiga o‘tishi zarurligini ta’kidlagan. Trampning fikricha, orol AQSH mudofaasi uchun strategik ahamiyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Arktika mintaqasiga da’volari fonida NATOning uch davlati – Germaniya, Shvetsiya va Norvegiya Grenlandiyaga qo‘shin yubormoqchiligi haqida xabar berilgandi. Keyinchalik bu safga Fransiya ham qo‘shildi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Grenlandiya Ronal'd Lauder sotib olish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing